1448 йил 07 Жумодус соний | 2026 йил 17 ноябрь, Сешанба.
ЎЗ UZ RU EN AR

Намоз вақти: Қарши

Fajr
06:04
Sunrise
07:21
Dhuhr
12:22
Asr
15:42
Maghrib
17:22
Isha
18:39


Намозни тўлиқ адо этинг. Албатта, намоз мўминларга вақтида фарз қилингандир (Нисо сураси 103-оят)

MANMANLIK - MANSAB EMAS, KIBRU-HAVO - UNVON EMAS

15-01-2024, 09:30 924 Ўқиш режими + -
“Alloh taolo kamtar bo’lishingiz kerakligini,
hech kim birovga manmanlik qilmasligi,
zulm qilmasligi lozim ekanini vahiy qildi”.
(Imom Muslim rivoyati)
 
Manmanlik kishi o’zini haddan tashqari yaxshi ko’rishi bo’lib, mol-dunyosini, obro’-e’tibori, tashqi ko’rinishi, nasl-nasabi, tanasining rangi, irqi yoki shu kabi sabablar tufayli o’zini boshqalardan ustun hisoblashidir. Manman kishi odamlardan o’zini yuqori tutib, mensimay muomala qiladi, nasihatni qabul qilmaydi, o’zi haqidagi har qanday tanqiddan nafratlanadi. Yurish-turishidan, gap-so’zlaridan, qilayotgan ishlaridan takabburlik, o’zini kata olishi shundoq bilinib turadi. O’zidagi noz-ne’matlarga sarmast bo’lib, o’zgalarni odam o’rnida ko’rmay, ularga mutlaqo e’tobor bermay yashayveradi. O’zida yo’q fazilat va xislatlarni ham bor hisoblab, o’zining xato-nuqsonlarini mutlaqo ko’rmay qo’yadi, gap-so’zda yurish-turishda, qo’yinki hamma narsada boshqalardan oldinda bo’lishni istaydi. Odamlar bunday kimsani yoqtirmaydilar, do’st bo’lishni ham istamaydilar, iloji boricha undan uzoqroq yurishga harakat qilishadi.
Hikoya qilinishicha, bir odam safar asnosida Ibn Muhayriz bilan do’stlashib qoldi. Ayriladigan vaqtlari kelgach, odam Ibn Muhayrizdan o’ziga nasihat qilinishini iltimos qildi. Ibn Muhayriz unga javoban shunday dedi: “Agar ilm olish imkoning bo’lsa, ilm o’rgan. Lekin shuhrat ortidan yugurma, o’zingni tanitma. Yur, faqat yurayotganingda kimdir ketingdan ergashmasin. Gapir, lekin bo’yningga mas’uliyat olma”.
Imom Sarviy ham shu xususda mulohaza yuritgan: “Avvallari ba’zi insonlar yangi kiyimlar nom va shuhrat qozonishga sabab bo’lib qolishini o’ylab, bu narsalarni yoqtirishmasdi. Shu zotlar eski kiyimlarni kiyishni ham o’zlariga ep ko’rishmas edi. Chunki ko’z qamashtiruvchi yangi kiyimlar kabi juda eskirib ketgan, kiyishga yaroqsiz bo’lib qolgan kiyimlar ham insonlarning diqqatini o’ziga tortar edi”.
Abu Hurayra (r.a.)ning rivoyat qilishicha, Rasululloh ﷺ shunday marhamat qiladilar: “Jannat ahli soch-soqoli to’zigan, ust-boshi chang-tuproq bo’lgan, eski-tuski kiyimlarga o’ralgan kimsalarki, ular o’zlariga unchalik ahamiyat bermaydilar. Ular boshliqlar huzuriga kirishga ruxsat so’raganlarida izn olomagan, uylanmoqchi bo’lganlarida hech kim ularga qizini bermagan, gap-so’zlariga hech kim e’tibor qilmaydigan kimsalardir. Bunday insonlar ehtiyojlarini boshqalarga sezdirmaydilar. Qiyomat kunida ulardan taraladigan nur barcha odamlarni o’rab olishga yetadi”.[1]   
Yana boshqa bir hadisda shunday deyiladi: “Ummatlarim orasida shunday kimsalar borki, bir dinor pul so’rashsa, hech kim ularga bir dirham ham pul bermaydi. Agar bir dirham so’rashsa, bir tiyin ham berishmaydi. Agar o’sha odam dunyoni so’raganida, Alloh u odamga dunyoni bermasligi mumkin, lekin Jannatni so’rasa, Alloh unga, albatta, Jannatini beradi. Alloh hayoti dunyoni ahamiyatsiz hisoblagani uchun sevgan bandasiga bu dunyoni lazzatini bermay, eski-tuski kiyimlarga o’raydi. Bunday odamlar Alloh nomiga qasam ichsalar, albatta, Alloh ularni so’zlari ustidan chiqaradi”.[2]
Faqih Ka’bul Ahbordan (Alloh ulardan rozi bo’lsin) rivoyat qiladi: “Qiyomat kunida mutakabbirlar odamlar suratidagi mayda chumoli holatida keltiriladi. Ularni xorlik har tomonlama o’rab oladi. Olovlardan bo’lgan do’zaxga yo’naltiriladi hamda do’zax ahlidan siqilgan suv bilan sug’oriladi”. 
Barcha muammo va qiyinchiliklarni yechuvchi kalitlari bo’lgani kabi manmanlik va kibr, shuhratparastlik va riyo bularning baridan halos bo’lishning yechimlari bor albatta…
Rasululloh ﷺning ushbu muborak hadislarini doimo yodda saqlash lozimdir:
“Alloh taolo kamtar bo’lishingiz kerakligini, hech kim birovga manmanlik qilmasligi lozim ekanini vahiy qildi”. (Imom Muslim rivoyati)[3]
Boshqalarning siz uchun qilayotgan xizmatlari qadriga yeting, unutmang, hayotda erishgan yutuqlaringizning barchasi atrofingizdagi kishilarning qo’llab-quvvatlashi, daldasi natijasidir. Ular bo’lmaganlarida hozirgi darajaga erisha olmagan bo’lardingiz;
Xato-nuqsonlarimizni, kamchilik va ayblarimizni tan olishni o’rganishimiz kerak. Biz o’zi qayerdan kelganimiz, aslimiz ne ekani, oxiri borar yerimiz qayerligi haqida o’ylab ko’rishimiz lozim. Avval tuproqdan, so’ng bir tomchi suvdan yaralganmiz, o’lgunimizcha yashashga imkon berildi, so’ng ustimizga tuproq tortiladi;
Manmanlikka, takabburlikka berilgan podshohlar, amaldorlar, boy-badavlat, obro’-e’tiborli shaxslar qismatiga nazar solish. Masalan, Fir’avn, Qorun, Homon, Abu Jahl kabi kimsalarning nima ahvolga tushganlari, oqibatlari qanday bo’lgani haqida fikr yuritish;
Manmanlikning salbiy oqibatlarini o’rganish, bu haqda tafakkur qilish. Bunday kimsani Alloh taolo ham, maxluqotlar ham yomon ko’radi, jamiyatda yomon nom qoldiradi, hatto o’lganidan keyin ham odamlar yaxshi so’zlar bilan eslamaydilar;
O’zidan ko’ra kuchliroq, yetukroq, afzalroq odamlarga nazar solish, payga’ambarlar, olimlar, ulug’ donishmandlar hayotlarini ko’proq mutolaa qilish, toki nafs boshqalar oldida o’zini arzimas kimsa ekanini his qilsin;
Shaxsiy kamchiliklar, aybunuqsonlar, xatolar haqida doim fikr yuritish lozim, shunda biror tanqidiy fikr eshitilganda yoki boror ayb aytilganda qiyinchiliksiz qabul qilinadi;
Alloh subhanahu va taoloni doim kuzatib turishni his qilish, har bir inson tez orada qilgan barcha takabburliklari, manmansirashlari, o’zini katta olishlari uchun javob berishiga chin dildan ishonish;
Kishi o’zining shaxsiy fikriga tanqidiy yondashishi, o’zining xatodan ma’sum emasligini, u ham yanglishishi mumkinligini bilishi, undan ko’ra aqlliroq, fazilatliroq insonlar ko’p ekanini anglashi darkor.
Kamtar, tavozeli bo’lish, qanotini pastlatib muomala qilishning fazilatlari haqidagi oyat-hadislarni ko’p-ko’p o’qish, kamtar, soddadil insonlar hayotini o’rganib, ularga o’xshashga harakat qilish, shunday insonlar bilan ko’proq suhbat qurish, kambag’al-bechoralar bilan ko’proq aloqa qilish;
Inson to’g’ri solishtirishni o’rganishi lozim. U kuch-quvvatidan g’ururlansa, buqa undan kuchliroq, tezligi bilan faxrlansa, ayg’ir undan-da tez, alp qomati bilan manmansirasa, fil undanda ulkan;
Ne’matlar Alloh taolo ato etgan in’omlar ekanini, U Zot istagan vaqtda bu narsalarni qaytib olishi mumkinligini tushunib yetish. Inson hech qanday mehnat qilmay, bir tomchi ter to’kmay ega bo’lgan narsalaridan qanday mag’rurlanishi mumkin?!
Xatolaringizga uzr aytishni o’rganing. Dunyoda xato qilmaydigan inson yo’q, shunday ekan, xato qilib qo’yganingizni tan olishdan kibrlanmang, uzr aytishdan qaysarlik qilib bosh tortmang. Zero uzr aytish botirlik, qo’rqoqlik emas;
Atrofingizdagilar bilan aloqalarni mustahkamlang, sizga bo’lgan mehrlari, ishonchlarini qadrlang, kerak bo’lsa taqdirlab ham turing, manmansirab ularni hafsalasini pir qilmang;
Allohning bandalariga qaraganingizda ularning mo’min banda ekanlarini, siz ko’rmayotgan yashirin fazilatlar va yaxshiliklarga ega ekanlarini his qilib nazar soling. Alloh taoloning huzurida bu bandalar sizdan ancha yuqori martabaga ega bo’lishlari, qiyomatda tarozilari siznikidan ancha og’ir kelishi mumkinligini unutmang;
Uy ishlaringizni o’zingiz bajaring, bu borada Sarvari koinot ﷺdan o’rnak oling. U zot qo’ylarini o’zlari sog’ar, kiyimlarini o’zlari yamar, poyabzallarini o’zlari tikar edilar, o’zlariga o’zlari xizmat qilib, bozordan yuklarini o’zlari tashir, kambag’al-bechoralar bilan birga o’tirar edilar. 

 
Nilufar Ahadovna
“Xoja Buxoriy” islom ta’lim muassasi
 
 
[1] Tabaroniy
[2] Tabaroniy. Al-Avsot
[3] “Yechim” Doktor Oiz Qarniy. “Munir” nashriyoti, 2022