Bugungi kunda ba’zi bir toifalar Alloh taoloning zoti va sifatlari borasida noto’g’ri tushunchalar tarqatib aholi orasida fitna qo’zg’atishmoqda. Fitnachilarning asosiy gaplari mutashobeh oyatlar haqida bo’lib, ular buyuk ulamolarimizni o’sha oyatlarning ma’nosini tushunmaslikda, ta’vil qilish va xato ma’no berishlikda ayblaydilar, ta’na qiladilar. Holbuki mutashobeh oyatlarning ma’nosini Alloh taolodan boshqa hech kim bilmaydi. Bu haqda Alloh taolo Qur’oni Karimda Oli Imron surasida shunday xabar beradi:[1]” Bu quronni sizga buyuk, azizu hakim Zot nozil qildi. Unda muhkam oyatlar bor bo’lib, ular Qur’onning aslidir. Yana, mutashobih oyatlar ham bor. Qalblarida qiyshiqlik bo’lgan, qalblarini mog’or bosgan kishilar anashu mutashobih oyatlarga ergashadilar. Nima uchun? Fitna istab, ya’ni odamlarni chalkashtirish uchun, birovlarni fitnaga solish uchun va ta’vil ya’ni, o’z nafs xohishlariga, hoyu -havaslariga muvofiq keladigan ma’nolarga burish uchun. Vaholanki, bu mutashobih oyatlarning , mutashobih so’zlarning ma’nosini Allohdan boshqa hech kim bilmaydi. Endi haqiqatda mustaqim bo’lgan, qalblarida qiyshiqlik yo’q, ilmda rosix, baquvvat bo’lgan kishilarchi? Ular nima qilishi kerak, nima deyishi kerak? Alloh taolo mana shu oyati karimada aytadi:[2]”.
“Ilmda mustahkam bo’lgan kishilar, qalblari haqiqatda mustahkam, haqiqatdan qiyshiqlikka yo’l bermaydigan kishilar aytadilarki: bu gaplarning barchasiga iymon keltirdik, hammasi robbimizning kalomi, robbimizning huzuridan kelgan. Payg’ambar sollallohu alayhi vasallam bayon qilib bergan. Ana shunday mutashobih oyatlar, mutashobih hadislarning hammasiga ham iymon keltirdik deydi. Demak ilmda baquvvat bo’lgan kishilar mana shu xabarlarni zohiriga iymon keltiradi. Zohiriga degani ya’ni, shu oyatlarni, xabarlarda kelgan so’zlarni zohiricha aytaveramiz, lekin uning ta’viliga kirishmaymiz, manosini istamaymiz, chunki uning ma’nosini tushunishdan insonning aqli ojiz, deydilar. Bu mutashobih oyatlarning nozil qilinishining bir hikmati, inson o’zining aqli ojiz ekanligini his qilib turishi, o’ziga bino qo’yib ketmasligi, xuddi shaytonga o’xshab kibr-g’ururga ketib qolmasligi uchundir. Shuning uchun Alloh taolo aytayapdiki, bu mutashobih oyatlarni izidan ergashadiganlar , ma’nosini kavlaydiganlar, men buni tushinib olishim kerak, men uni tushunmadim deydigan kishilar qalbi qiyshiq, haqiqatdan toyganlardir.
Qalblarida qiyshiqligi bor, hasadi bor kishilar boshqalarni ham chalkashtiradilar, fitnaga solib qo’yadilar. Demak biz xabarlarda kelganni zohiriga iymon keltiramiz, zohirini aytaveramiz. Masalan Alloh taolo Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu bilan birga Savr g’orida turganlarida Payg’ambarimiz alayhissalom tilidan hikoya qilib, “Mahzun bo’lma, Alloh biz bilan birga” deydi oyati karimada. Yoki Alloh taolo Iyso alayhissalomning tilidan aytadi: meni nafsimdagini sen bilasan, lekin men seni nafsingdagini bilmayman.” Ya’ni: Allohning nima iroda qilganini men bilmayman, men tushunmayman, degan ma’noda aytganlar. Yoki “Alloh qalbimizda” deb aytamiz, “Alloh ko’rib turibdi”, “Alloh eshitib turibdi” deb aytaveramiz. Lekin buning ostini surushtirib, ma’nosini bahs qilib o’tirmaymiz. Yoki hadisi qudsiyda Rasulluloh alayhis salom aytganlaridek Alloh taolo aytdi: Kim menga bir qarich yaqinlashsa men unga bir ziro’ yaqinlashaman, kim menga yurib kelsa, men unga yugurub boraman, deydi. Bu xabarlarni zohirini aytaveramiz, ishonaveramiz, iymon keltiramiz. Lekin buni ta’vilini, ma’nosini surishtirmaymiz. Ee, Alloh taoloning “kelishi” qanday ekan, yaqinlashishi qanday ekan deya ma’nosiga kirishmaymiz. Alloh taolo oyati karimada aytadi “Biz unga bo’yin tomirlaridan ham yaqinroq”[3]. Alloh taolo yaqin, qarib deb aytamiz, lekin buni ma’nosini bahs qilmaymiz, ma’nosini idrok qilishdan insonni aqli ojiz. Xuddi shunday, Alloh taoloni “osmondagi zot”, yoki “Rahmon arshga istivo qildi” deb aytamiz. Lekin buning manosini tasavvur qilmaymiz. Alloh Arsh ustiga turibdi yoki o’tiribdi, joylashibdi degan ma’noni xayol qilsak bu kufr, bu Alloh taoloning sifatiga shirk keltirish, maxluqotlarga o’xshatish bo’ladi. Bu ma’nolardan faqat aql egalarigina nasihat oladilar, ibrat oladilar. Mutashobih so’zlardan faqat aqlli kishilargina ibrat oladilar. Yoki bizning “mutashobih oyatlarga faqat qalbi qiyshiqlargina ergashadi” degan so’zimizni aql egalarigina tushunadilar. Demak, mana shunday mutashobih oyatlarni ma’nosini tushunaman, bu nima degani ekan deb, yoki birovga tushuntiraman deb urinishdan saqlanish kerak. Bu oyatlar zohirida insonning tabiatiga, insonning ojiz aqliga mos ravishda aytilganki, inson aslida uni eshitganda birdan qabul qiladi va o’ziga kerakli tushuncha olib, qoniqadi. Endi, yana uni ostidan ma’no axtarish durust emas. Misol uchun yosh bolani ko’p narsaga aqli yetmaydi. Endi bir yosh bolangiz so’rasa, sizga bu pullarni kim berdi desa, yoki bozordan bir kilogram olma olib kelsangiz, bu olmani kim berdi desa, bu olmani Alloh berdi deb aytaveramiz. Dada, Alloh banan ham beradimi desa, banan ham beradi, deb aytaveramiz. Shunda bolaning aqli o’ziga loyiq tushuncha olib qoniqadi. Lekin bunda biz tasavvurimizga Alloh taolo do’konda turib olib savdogarga o’xshab, olma so’raganga olma, banan so’raganga banan beraveradi deb tasavvur qilmaymiz-ku! Shuning uchun Allohdan so’raylik avvalo, barchamizni ilmda rosix qilsin, dinda mustahkam qilsin. Qalbimizni qiyshiqlikdan, g’illu g’ashdan xoli qilsin, niyatlarimizga ixlos bersin. O’tgan salafi solihlarimiz haqida esa, bizga shu shariat ilmlarini, Alloh taoloning kalomini, Rasullulloh sollollohu alayhi va sallamning hadislarini boricha, o’zgartirmasdan yetkazib kelganliklari uchun duoyi xayr qilishimiz kerak. Маxtumquli TOSHQULOVXoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi [1] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Tafsiri Hilol, Oli imron surasi 7-oyat
[2] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Tafsiri Hilol, Oli imron surasi 7-oyat tafsiri