Zahiriddin Muhammad Bobur deganda barchamizning zehnimizga sarkarda, adib, shoir bir siymo namoyon bo’ladi. Aslida esa buning o’zi emas, balki biz bilgandanda buyukroq olim, fiqh bilimdoni, til bilimdoni va qisqa qilib aytganda shari’at ilmini o’zida mujassam etgan yetuk qomusiy olim hamdir. Buyuk sarkarda islom dini rivoji, Hind diyorida sof aqidani tarqalishi, Hanafiy fiqhini yoyilishiga katta hissa qo’shgan faqihdir.
Buning isboti “Mubayyan” nomli fiqhiy masalalarni bayon etib bergan nasriy asardir. Olim bu asarda Islomnning besh farzini birma bir keltirib, aqidaviy va fiqhiy masalalarni nasriy ya’ni sheriy tarzda bayon qilib bergan. Quyida biz Ramazon oyiga oid ro’za kitobidan ba’zi o’rinlarini keltirib sharhlab o’tamiz.
Bismillahir Rohmanir Rohim
Bobur, uch farzda deding so’zni
O’zgada tutmag’il ma’of o’zni
Ya’ni: Bobur, uch farz (Allohga va Uning rasuliga iymon keltirish, namoz o’qish, zakot berish)lar haqida so’zlading, boshqalari haqida ham so’zlashdan o’zingni uzrli deb bilma, balki qolganini ham keltir.
Emdi to’rtinchi farz azmin qil,
Ro’zaning so’zig’a og’iz ochg’il
Ya’ni: endi to’rtinchi farz bo’lmish, ro’za haqida ham so’zlab o’t, shu haqda og’iz ochgin.
Yemaku ichmak, jimo’ etmak,
Nafs lazzatidur bular, beshak;
Gar bu uch ishni qilmasang kunduz,
Tarki niyatlig’ o’lsa, budur so’z;
Shar’ ahli qoshida savm budur,
Munda bil, ittifoqi qavm budur.
Ya’ni: yeyish, ichish, jimo’ qilmoq (jufti haloli bilan qo’shilmoq), ushbular, shubhasiz nafs lazzatlanadigan ishlardir.
Agar kunduzi bu uch ishni qilmasang, ularni (ro’za tutish) niyati bilan tark qilgan bo’lsang, demak, shari’at ahli imomlari nazdida savm, ya’ni ro’za ana shudir. Yana shuni bilki, islom dini qovmi bularda ittifoq qilgandir. Shu uch narsani tark qilmasa, ro’za bo’lmaydi.
Subhidin oftob botg’uncha –
Shari’atning kunduzidir muncha.
Ro’za farzi bu ikidur, to’xtat.
Bu uch ish tarkiyu yana niyat.
Ya’ni: subhdan (bomdod namozi kirgan vaqtdan) to oftob (quyosh) botguncha bo’lgan vaqt, shari’atning kunduzidir[1]. Ro’zaning farzi ushbu ikkisi: biri uch ish, yeyish, ichish va jimo’ni tark qilish, ikkinchisi esa, ro’za tutishni niyat qilishdir.
Shu o’rinda Muhammad Bobur ro’zaning turlari haqida bayon qilishga o’tib shunday deydi:
Savm uch turlik o’ldi,
Farzdir, nafldur, yana vojib.
Ramazon oyi ro’zasidur farz,
Munda der so’zni sizga aylay arz:
Tutungiz ushbu oyda ro’za to’quz,
Kuni gar o’tiz, ar yigirirma to’quz.
Ya’ni: ro’za uch turlik bo’ladi, eshitib bil: farz, nafl (ixtiyoriy amal) va vojib (nazr yoki kafforot ro’zasi)dir.
Ramazon oyi ro’zasi farzdir. Bunda sizga aytra so’zni keltiaryin: ushbu oyda ro’zani to’liq-to’kis tuting. Kun xoh o’ttiz bo’lsin, xoh yigirma to’qqiz bo’lsin, farqi yo’q, qoldirmay tuting. Chunki Ramazon ba’zan o’ttiz, ba’zan yigirma to’qqiz kun ham bo’lishi mumkin, bu haqida hadislar kelgan. (davomi)
Muhibullayev Saidmuhammadxon, Mirzo Kenjabek domla nashr qildirgan
“Mubayyan va nasriy bayoni” nomli kitobidan tayyorladi.
[1] Falakiy hisobdagi kunduz esa, quyosh chiqqan vaqtdan boshlanadi.