Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Dunyodagi zohidlik halolni harom qilish bilan ham, molni zoye qilish bilan ham emasdir. Lekin dunyodagi zohidlik ikki qo‘lingdagi narsa Allohning qo‘lidagi narsadan ko‘ra ishonchliroq bo‘lmasligidir. O‘zingga yetgan musibatning savobiga uning senga yetmay qolishidan ko‘ra ko‘proq yaxshi ko‘ruvchi bo‘lishingdadir», dedilar». Termiziy rivoyat qilgan.
Bu hadisda islom dinidagi zohidlikning haqiqati bayon qilib berilgan. Insonlar ko’pincha taqvo deganda kambag’al hayot kechirish, eski libos kiyib yurish kabi zohirda ko’rinadigan amallarni tushunadi. Aslida taqvo qalbdan bo’lishi lozim.
Yuqoridagi hadis aynan shu masalani bayon qilib bermoqda. Ya’ni, haqiqiy taqvo bu - Alloh halol qilgan narsalarni o’ziga harom qilib olib, men taqvodorman deyish emas. Yoki mol dunyoni tashlab yuborish yoki boshqa yo’llar bilan zoye qilish ham taqvo emas. Lekin haqiqiy taqvo, qo’ldagi mol dunyoni Allohdan savob umidida, xayrli ishlarga sarflashdir. Inson qo’lidagi mol dunyosidan Alloh beradigan savobni ko’proq yaxshi ko’rishi, qo’lidagi mol dunyo undan bir kun kelib ajrashi, Alloh bergan savob esa oxiratda ham foyda berishiga ishonishi haqiqiy taqvodir. Haqiqiy taqvo bandaga bir sinov kelsa, unga beriladigan savobdan umid qilib, hursandchilik bilan qabul qilishidir. Mo’min kishiga musibat tushganda jazavaga tushib, sabrsiz bo’lishi yarashmaydi.
Xoja Buxoriy o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi Mirmaxamatov Muhammad.