1448 йил 07 Жумодус соний | 2026 йил 17 ноябрь, Сешанба.
ЎЗ UZ RU EN AR

Намоз вақти: Қарши

Fajr
06:04
Sunrise
07:21
Dhuhr
12:22
Asr
15:42
Maghrib
17:22
Isha
18:39


Намозни тўлиқ адо этинг. Албатта, намоз мўминларга вақтида фарз қилингандир (Нисо сураси 103-оят)

QALBINGIZNI ALLOHGA BOG‘LANG!

23-04-2025, 16:34 160 Ўқиш режими + -
Hikoya qilinishicha, bir podshoh saltanatidagi eng mashhur duradgorni chaqirib, eski taxti o’rniga yangi shohona taxt yasashni buyuribdi. Duradgor bu ulkan sharafdan xursand bo’lib, darhol ishga kirishibdi. Lekin podshoh o’ta talabchan va qattiqqo’l edi. Unga yangi taxt yoqmabdi va duradgorni ertalab qatl etishga buyuribdi... 
Duradgor so’nggi tunini o’z uyida o’tkazishni iltimos qilgan ekan, podshoh bunga rozi bo’libdi. Lekin bu kecha duradgorning ko’ziga uyqu kelmabdi. Axir ertalab bo’ynini jallodning kundasiga qo’yishi kerak edida! 
Shunda xotini unga debdi: “Odatdagi kechalardek uxlayvering! Axir Alloh bitta, Uning eshiklari esa ko’p!” 
Duradgor rostdan ham uxlabdi. Shunday uxlabdiki, ertalab uni hovlisidagi askarlar hayqirig’i va otlar ovozi uyg’otib yuboribdi. Bularni eshitgach, ajal soati kelganini payqabdi. Eshik taqillagach, o’limi tomon qadam bosib chiqibdi. Lekin askarlar boshlig’i unga “Podshoh vafot etibdi, unga tobut yasab berishingni istaymiz!” debdi...  
Shu chog’da duradgor o’ziga-o’ziga bunday shivirlagan ekan: “Haqiqatdan, Alloh bitta, eshiklar esa ko’p!” 
To’g’ri, bu qissa haqiqiy bo’lmasligi mumkin. Lekin shubha qilib bo’lmas haqiqat shuki, chindan ham Alloh bitta, eshiklar esa ko’p! 
Har birimizda bir marta bo’lsa ham barcha ishlar boshi berk ko’chaga kirib qolgan bo’lsa kerak. O’shanda endi najot yo’q deb o’ylaganmiz, hayotimiz davom etsa-da, endi unda na ta’m va na maqsad qoldi deb hisoblaganmiz. So’ngra kunlar aylanib, o’sha to’siqlar ham g’oyib bo’lgan, g’am-g’ussalar bizni tark etgan... Buni izohlaydigan yagona sabab bu – biz tark qilsak ham bizni tark qilmaydigan, doim odamlarning eshigini taqillatsak ham bizni unutib yubormaydigan Rabbning borligidir! 
Har birimiz qachonlardir bir ishga qattiq qiziqib qolganmiz. O’shanda butun hayotimiz o’sha biz istayotgan narsa deb o’ylaganmiz. Balki biz shuni xohlab, Alloh boshqa narsani iroda qilganida jahlimiz ham chiqqandir. Ammo kunlar o’tib, yaxshilik aslida Alloh bizga ixtiyor etganida ekanini vaqt isbotlab bergan! 
Biz odamlar mana shundaymiz! Alloh ba’zida istaganimizdan mahrum etib, bizga kerakli narsani berishni iroda qilganini doim kech anglab yetamiz!
Alloh taolo ishlarni shunday tadbir qiladiki, ularning mohiyatini faqat birmuncha vaqtdan keyin tushunib yetamiz. Biz tafakkuri ojiz bandalar narsalarga faqat bir tomondan qaraymiz: o’zimiz tomondan! Alloh esa barcha ishlarni yolg’iz tadbir etadi! 
Agar Musoning onasi qo’lida ixtiyor bo’lganida, hargiz o’g’lini dengizga tashlamas edi. Lekin, ixtiyor qo’lida bo’lgan Zot Fir’avnga “Mana bu boladan qo’rqib minglab bolalarni o’ldirding. Unday bo’lsa, mana ol uni, uyingda katta qil!” deyishni iroda qilgan edi. O’sha kunda Musoning onasi aslida bolasini dengizga tashlayotgan emas, balki Fir’avnning tobutiga mix qoqayotgan bo’lganini kim o’ylabdi deysiz! 
Agar ish Ya’qubning qo’lida bo’lganida, Yusufni bir lahzaga ham tark etmas edi. Ya’qub uni bag’ridagi o’g’il sifatida qolishini xohladi, Alloh esa uni Misr taxtida o’tiradigan podshoh bo’lishini iroda etdi!
Bugun biz mazkur hayratomuz aniqlik va puxta tadbir haqida to’liq bilamiz. Negaki bu hodisa va qissalar nima bilan tugaganidan xabardormiz. Lekin biz o’z hayotimiz qissalarida ham Allohning ixtiyorlari ichidamiz. Voqealarni to’liq ko’rmaganimiz, ulardagi hikmatlarni to’liq anglamaganimiz tufayli qalbimizga bir lahzalik shak kelib-ketishi mumkin. Chunki biz oddiy insonmiz! Lekin Allohga nisbatan odob saqlaylik. Mayli, hikmat bizdan qochdi. Lekin Quraysh mushriklari va musulmonlarni kelishuvsiz jamlab qo’ygan, Fir’avnni halok etish uchun Musoni uning uyiga yuborgan, Yusufni podshoh qilish va u sababli Misr ahliga najot berish uchun uni otasidan olgan Zot hech qachon bizdan g’oyib bo’lmaganini doim yodda tutaylik! U Zot ishlarimizni ayni hikmat va rahmat bilan tadbir qiladi, O’zining azaliy va abadiy sifatlari bilan! U Zot ayb-nuqsonlardan pokdir. Yaxshilik Rabbi, faqatgina yaxshilik keltiruvchi Zot U! Shunday ekan, qalblaringizni Allohga bog’lang! 
 
 
Adham Sharqoviy, "Buyuk xabar"
Arab tilidan Sardor SAIDAHMEDOV tarjimasi