Hikoyalarda kelishicha, bir ilon tunda duradgorning ustaxonasiga kirib olibdi. Duradgor anjomlarini stol ustida qoldirishga odatlangan edi. Ilon ustaxonada kezib yurarkan, behosdan arra ustidan o’tib yuboribdi va arraning o’tkir tishlari sabab biroz jarohatlanibdi. Shunda ilon tabiiy reaksiya sifatida arrani tishlab, unga zahar yuborishga harakat qila boshlabdi. Bu esa uning og’ziga jarohat yetkazibdi. Shunda ilon bu arra unga hujum qilmoqda deb o’ylab, o’zining so’nggi halokatli qurolini ishlatishga majbur bo’libdi: arrani qisib bo’g’ish uchun o’zini unga o’rabdi va oqibatda bo’laklarga bo’linib o’libdi...
Katta ehtimol bilan, bu hikoya shunchaki afsona. Lekin hikoyalar ham maqollarga o’xshaydi: lug’atshunoslar aytganidek, xos sabab emas, umumiy ibrat muhimi! Maqollar o’z bag’rida ko’plab ibratlarni saqlagani singari, bu hikoya ham aslo bundan xoli emas!
Tafakkur qilish vaqtimda ushbu hikoya haqida o’yladim va u bizning hayotdagi holatimizga judayam o’xshash ekan, degan xulosaga keldim! Qaysidir tomondan biz o’sha ilonga o’xshaymiz. Ustaxona bu hayot. Arra esa shu hayotda sayr etishimiz chog’ida bizni tirnaydigan har qanday narsa...
Yomon ishlar doim bo’lib kelgan. Yerda hayot bor ekan, yong’inlar yonishda, yiqilishlar ro’y berishda, omadsizliklar duch kelishda, kasallik qattiq tishlashda, o’lim tortib olishda davom etaveradi. Biz esa, bu narsalarni ko’pincha yoki hech qachon o’zgartira olmaymiz. Lekin bir odamdan boshqasiga qarab turlicha bo’ladigan narsa bu hayotga bo’lgan qarashimizdir!
Ayrimlar biladiki, hayotda nima ro’y berishidan qat’i nazar shu alfozda davom etaverishi kerak. Bundaylar arra ilonning tanasida qoldirgan yengil jarohat bilan kifoyalanib, yo’llarida davom etaveradilar. Boshqalar bo’lsa, arra bilan jang qilish uchun to’xtashni tanlaydilar!
Qiyinchilik va musibatlar. Bular hayotning bir qismidir, xuddi hakamlarning xatolari futbol o’yinining bir qismi bo’lgani kabi! Musobaqa esa baribir davom etaveradi! O’yinchilardan biri xatoga norozilik sifatida markaziy aylanada o’tirishga qaror qilgani bilan musobaqa to’xtab qolmaydi! Bunday qiladigan odam umuman topilmasligi aniq. Biz mana shu tafakkur bilan hayotda davom etishimiz, battarroq jarohat yetmasligi uchun haligi kichik jarohatdan ibrat olishimiz, yo’limizda yurar ekanmiz, jarohatlar yetmay qolsa, demak bu yerda qandaydir xatoga yo’l qo’yilayotganini anglashimiz lozim!
Bu sayyora yo’limizni poylab yotadi, bu yer bizga yangi-yangi jarohatlar yetkazish uchungina aylanadi, deb o’ylaydiganlarning hayoti naqadar og’ir! Negaki ular hali-hanuz hayotni tushunmagan odamlardir!
Afrikada ho’kizlar podasi bir yerdan boshqasiga ko’char ekan, ularni har tomondan sherlar birma-bir yulib-yulib olishadi. Ayrimlari esa suv ichayotib timsohlarga yem bo’ladi. Ammo poda jarohatlarni davolab, yo’qotishlarni to’g’ri qabul qilib, oxir-oqibat baribir manziliga yetib oladi. Keyingi yilda ham xuddi shu ishni takrorlaydi, garchi yo’qotishlarga duch kelishini yaxshi bilsa ham. Negaki, hayot hali davom etishi kerak!
Losos baliqlari boshqa joyga ko’chayotganida, ularni sayoz suvlar tepasida ayiqlar kutib oladi. Agar ayiqlardan omon qolishsa, keyingi navbatda ularga baliqchilar muntazir turadi. Lekin shuncha jarohatlarga qaramay, qolganlari safarni oxirigacha olib borishadi va tuxum qo’yib ko’payishadi. Qizig’i, keyingi yilda ham xuddi shunday sayohat qilishadi. Chunki hayot hech narsaga qaramay davom etishi kerak!
Adham Sharqoviy, "Buyuk xabar"Arab tilidan Sardor SAIDAHMEDOV tarjimasi