1448 йил 07 Жумодус соний | 2026 йил 17 ноябрь, Сешанба.
ЎЗ UZ RU EN AR

Намоз вақти: Қарши

Fajr
06:04
Sunrise
07:21
Dhuhr
12:22
Asr
15:42
Maghrib
17:22
Isha
18:39


Намозни тўлиқ адо этинг. Албатта, намоз мўминларга вақтида фарз қилингандир (Нисо сураси 103-оят)

BAQLAJON MADANIYATI

23-04-2025, 16:36 176 Ўқиш режими + -
Rivoyat qilinishicha, bir kun amir Bashir Shihobiy xizmatkoriga “Baqlajon yegim kelyapti!” debdi. Shunda xizmatkor: “Alloh barakangizni bersin, xo’jayin, shu baqlajon o’zi eng yaxshi yegulik-da! Yog’siz go’sht, qiltanoqsiz baliq! Qaynatib ham, qovurib ham yeyverasiz! Buyrug’ingiz bosh ustiga!” debdi.
Amir: “Lekin bir necha kun oldin o’sha o’gurdan yegandim, oshqozonim yomon og’ridi!” debdi. Buni eshitgan xodim endi “Bu baqlajonga Xudoni qarg’ishi tegsin! Biram og’ir, qo’pol, serraygan o’simlik!” deyishga tushibdi. Shunda amir “Sho’ring qurigur, bir vaqtning o’zida bir narsani ham maqtab, ham yomonlaysanmi?!” degan ekan, xizmatkori aytarmush: “Men amir janoblarining xodimiman, baqlajonning emas! Amir ha desa, ha deyman, amir yo’q desa, yo’q deyman!”
Xuddi shunaqa bir vaziyat. Abbosiy xalifa Mutavakkil bir chumchuqqa o’q uzibdi-yu, mo’ljalga tegmabdi. Shunda hamrohlaridan biri “Zo’r qildingiz, ey mo’minlar amiri!” debdi. Mutavakkil unga o’qrayib qaragan ekan, haligi odam darhol javobni burib: “Chumchuqqa yaxshilik qilib zo’r qildingiz, xojam!” degan ekan.
Bulardan unchalik uzoq bo’lmagan yana bir voqea. Abdunnosir Misr va Suriya o’rtasida boshlangan nizo chog’ida Xalq Assambleyasida nutq so’zlaydi. Nutqi orasida u “Men Misr dengiz flotini o’shayoqqa yo’lga tushishga buyurdim” deydi. Xalq vakillari (deputatlar) gulduroz qarsaklar bilan uning gapini bo’lishadi. Qarsaklar tugagach, “Lekin arab davlatlari birligini saqlab qolish maqsadida, flotni ortga qaytishga buyurdim!” deydi Abdunnosir. Shunda qarsaklar avvalgisidan ham kuchliroq chalinadi... 
Bu narsa baqlajon madaniyati deb nomlanadi: bir daqiqaning o’zida bir ish va uning teskarisiga ham chapak chalinadi!
Bu madaniyatdan meni Allohning O’zi asrasin degan holatda, har qanday fikr bildirishda ham, har qanday shaxsga bo’lgan muomalada ham odob-axloqli bo’lish tarafdoriman. Yuqoridagi hikoyalarni keltirishimdan maqsad ham rahbarlarga itoatli bo’lishni qoralash emas, balki ularga laganbardorlik bilan xushomad qilishni tanqid qilishdir. Rahbar yonidagi odamlarning vazifasi aslida kerakli vaqtda unga o’z fikrlarini taqdim qilish va maslahat so’raganida unga nisbatan samimiy bo’lishdir, doim qulog’iga “siz adashmaydigan dahosiz!” yoki “siz doim to’g’ri topadigan tengsiz zotsiz!” degan gaplarni quyish emas!
 
 
Adham Sharqoviy, "Buyuk xabar"
Arab tilidan Sardor SAIDAHMEDOV tarjimasi