Alloh taologa beadad shukrlar bo‘lsin – yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, xalqimiz farovon hayot kechirmoqda. Mahallalarimiz obod, to‘ylarda dabdabalar, xonadonlarda fayz va quvonch bor. Bunday ne’matlarga shukr qilish har birimizning burchimizdir. Ammo shukr qilishning eng go‘zal yo‘li — saxovat va mehrni boshqalarga ham ulashishdir. “Birich ko‘rmaksiz bo‘lmaydi” deganlaridek, oramizda hali ham yordamga muhtoj, qo‘llab-quvvatlashga ehtiyoji bor insonlar bor. Ayniqsa, bugungi kunda to‘ylar, bayramlar katta xarajatlar bilan o‘tayotgan bir paytda, ularni biroz ixcham, kamxarj qilish orqali ortgan mablag‘ bilan biror ehtiyojmand yurtdoshimizga yordam berish — chin insoniylik va savobli ish bo‘lar edi. Zero, hadislarda kelganidek, silai rahm qilgan insonning rizqi kengayadi, umriga baraka kiradi. Shunday ekan, hayotimizdagi har bir quvonchni, barakani boshqalar bilan ham bo‘lishish – yurtimizda mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlaydi
Shukrki, yurtimizda saxovatli, qo‘li ochiq, mehribon insonlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Buni ayniqsa, murakkab kunlarda, kimdir og‘ir ahvolda qolsa, boshqalarning birdamlikda ko‘mak berayotganidan ham bilish mumkin. Biroq bu fazilatni faqat og‘ir kunlarda emas, har doim, kundalik hayotimizda ham saqlab qolishimiz lozim. Silai rahm – bu faqatgina bayramlarda qo‘ng‘iroq qilish yoki xabarlashish emas. Bu – bir kosa ovqat bilan bo‘lishish, vaqt topib salom berish, uzoqlashgan qarindoshni izlab borish, hech bo‘lmasa "yaxshimisiz?" deb hol so‘rashdir. Kichik amaldek tuyulgan bu ishlarda Allohning roziligi, jamiyatdagi birdamlik va tinchlikning garovi bor.
Ko‘chamizdagi yolg‘iz onaxon, qarindoshimizning yetim farzandi, biroz sustlashgan tanishlarimiz – bularning barchasi bizning mehrimizni, e’tiborimizni kutib yashayotgandek. Ularni eslash, yordam berish, silai rahmni jonlantirish bilan nafaqat o‘zimizni, balki butun mahallamizni, yurtdoshlarimizni barakaga boshlaymiz. Unutmaylik: insonning chin boyligi – na mol, na mansab. Chin boylik – bu ko‘ngil boyligi, saxovatli qo‘llar, ochiq yurak, samimiy niyatdir. Shunday bo‘lsak, na to‘yimiz, na hayotimiz faqat dabdabaga emas, savobga, barakaga to‘ladi.
Ilohim jannatmakon yurtimizning tinchligi va osoyishtaligi abadiy boʼlsin. Har bir yurtboshimiz qalbida isrofdan yiroq, meʼyorli va shukrli hayot kechirish tuygʼusi mujassam boʼlsin. Saxovat va muruvvat yoʼlida qoʼli ochiq insonlar koʼpaysin.
Bir birimizga mehr-oqibat saxovat ila boqib yashashni nasib aylasin.
G.Mavlyanova,
Shahrisabz shahar bosh imom-xatibining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari