Abu Hanifa r.a. uni ulamolar orasida eng cho‘qqiga chiqishiga sabab bo‘lgan sifatlar bilan sifatlangan edi. U sabotli, ishonchli, keng fikr yurituvchi, haqiqatlarni ilg‘ab oluvchi haq rost olimning sifatiga ega edi.
U o‘ziga talabchan, hissiyotlarini jilovlab olgan ediki, unga qarshi aytilgan so‘zlar uni o‘zidan begona qilmas, nohaq aytilgan gaplar uni haqdan chetlata olmas edi. U doim shunday der edi: Ey, Allohim! Kimning bizga ko‘ngli tor bo‘lsa, bizning qalbimiz unga hamisha kengdir. Unga ato etilgan mustaqil fikrlash qobiliyati uni Kitob yoki sunnat yoki biror sahobaning fatvosidan boshqaga bo‘y sunishga yo‘l bermas edi. Bu borada unga birovga nisbatan muhabbat yoki adovat o‘z ta’sirini o‘tkaza olmas edi.
Masalalar ustida juda chuqur fikr yuritar, zohiriy bahs yuritish bilan kifoyalanmas, iboralarning zohiriy ma’nosida to‘xtab qolmas, balki uning botiniy tomonlari ustida ham fikr yuritar edi. Ehtimol, undagi mana shunday chuqur falsafiy aql yuritish xususiyati uni ilmiy hayotining avvalida kalom ilmi bilan shug‘ullanishga, shuningdek, hadislarni chuqur tahlil qilib, undagi hukmlar qanday illatlarni o‘z ichiga olganligini izlab topish darajasida o‘rganishga turtki bo‘lgan bo‘lsa, ajab emas.
Abu Hanifa r.a. hozirjavob inson edi. Hech qachon fikrlashdan to‘xtab qolgan emas. Raqibi uni qanchalik mot qilishga urinmasin, undan osonlik bilan chiqib ketishga imkon topar edi. Bu borada U zotdan ajoyib va g‘aroyib xotiralar qolgan. Hattoki, bu xususda shunday deyilgan: agar u kishi biror hukmni isbot qilish yoki inkor qilishni iroda qilsa, albatta buning uddasidan chiqar edi.
Abu Hanifa r.a. doimo haq tomonida bo‘lgan. U xoh g‘olib bo‘lsin, hox mag‘lub bo‘lsin uning maqsadi faqat haqiqat bo‘lar edi. Haqparvarligi uchun ham o‘zining fikrini mutlaq haqiqat, deb o‘zgalarni uni qabul qilishga majburlamas edi. Balki: bu gap mening fikrim, agar biror kishi mening so‘zimdan ko‘ra yaxshiroq gap aytsa, ana o‘shaning gapiga ergashiladi, der edi.
Ushbu sifatlar Abu Hanifa r.a.ni unga yetgan ruhiy g‘izodan oziqlanib buyuk faqih bo‘lib yetishishiga sabab bo‘ldi.
Olloyor OMONOV Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi