Mo’minning ishi qiziq, unga har bir ishida ajrga ega bo’lish imkoni bisyor. Ne’matga shukur qilish bilan yoki musibatga sabr qilish bilan ham buyuk ajrga ega bo’lishi mumkin. Shunday ishlardan biri ota-onaning farzandi orqali yetgan musibatidir. Ota-onalar o’zlarining bemorliklariga sabr qilish tugul farzandlariga yetgan musibat uchun ham ajr oladilar. Bu bilan ota-onaning gunohi kechirilib, xatolari o’chiriladi. Bu haqda Habibimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:
“Bir musulmonga g’am-tashvish, hastalik, qiyinchilik, aziyat hatto sanchilgan tikon kirsa ham Alloh taolo shular tufayli xatolariga kafforot qiladi”. Imom Muslim rivoyati.
Demak, farzandlarning bemor bo’lishi ham uning ota-onasi uchun bir sinov bo’lib, ularga sabr qilish va Allohning qazoi-qadariga rozi bo’lish ila ajrga erishar ekanlar.
Yosh go’daklar ila kattalarni sinashning nima hikmati bor deyilsa, hikmati shuki, darhaqiqat, Alloh taolo o’ta hakiym Zot Oliy va Buyuk bo’lgan Zot o’z bandalarini shodlik va hafalik, yomonlik va yaxshiliklar bilan sinaydiki, ularni sabri va shukrini imtihon qilish uchun. Garchi yosh go’daklarda gunoh bo’lmasada, Alloh taolo O’zining oliy hikmati ila istagan narsasi bilan bandlarni imtihon qiladi. Shulardan biri go’dakning ota-onasi va yaqinlarini sinashi va ularni shukri qay darajada ekanini bilishidir. Shu bilan birga insonlarga Alloh taolo hakiym va haliym Zot bandalarini istagancha sinashi mumkin ekanini ma’lum qilishdir. Hech bir ishida unga mone’ narsa yo’qligini ham kor’satib qo’yishdir. Alloh taolo o’z maxluqotlarini istagancha imtihon qilishga qodir Zotligi, bu ishda hech bir kishi malomat qilishga zarracha haqqi yo’qligi, aks holda buyuk iqobatga qolishi bordir.
Shu bilan birga Mehribon Alloh taolo bu sinovlarnining samarasini ajrsiz qoldirmaydi albatta. Musulmon bandaga yetgan har qnaday mashaqqat xoh katta bo’lsin yoki kichik, har biriga qilingan sabrning qadricha ajr berishi ham bor ekanini yodimizdan chiqarmasligimiz kerak. Bu sinovlar aslida bandaning darajasini oshirish ekani, shu ila Allohning huzurida martabasi oliy bo’lishini hech bir musulmon yoddan chiqarmasligi lozim.
Musulmon banda boshiga yetgan musibatlardan ayniqsa, farzandiga yetgan og’ir bemorlik va boshqa narsalardan jazavaga kelmasligi zarur. To’g’ri, gapirish oson, ammo bu Allohning qadari va imtihoni, qadarga rozi bo’lish haqiqiy mo’minlik alomati. Jazavaga kelish esa, qadarga norozilikka olib kelishi mumkin. Shu bilan Allohning huzurida oliy martabaga erishish imkonini qo’ldan boy berish bo’lib qoladi. Bunday sinovlarga chiroyli sabr qilish va Alloh taolo meni darajamni oshirishni istamoqda ekan, deb shodlanishimiz kerak aslida. Sabr iymonni kamolatga olib chiqsa, sabrsizlik esa, iymonnig nurini sustlashishiga olib keladi. Alloh taolo barchamizni oliy darajalarga munosib bo’lgan komil mo’minlardan bo’lishimizni nasib etsin. Omin!
Saidmuhammadxon MUHIBULLAYEV Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi