1448 йил 07 Жумодус соний | 2026 йил 17 ноябрь, Сешанба.
ЎЗ UZ RU EN AR

Намоз вақти: Қарши

Fajr
06:04
Sunrise
07:21
Dhuhr
12:22
Asr
15:42
Maghrib
17:22
Isha
18:39


Намозни тўлиқ адо этинг. Албатта, намоз мўминларга вақтида фарз қилингандир (Нисо сураси 103-оят)

Namozda fotiha surasi tugagandan so‘ng “Omin”ni maxfiy aytish haqida

9-06-2025, 16:42 661 Ўқиш режими + -
Alloh taoloning marhamati bilan yurtimizda olib borilayotgan islohatlar natijasida ota bobolarimiz orzusi bo‘lgan ikki ulug‘ diyor Makka va Madina ziyoratiga boruvchilar va Islomning beshinchi rukni bo‘lgan Haj ibodati ado qiluvchilar yil sayin ko‘payib bormoqda. Yurtimiz mo‘min musulmonlarining Haj va umra ziyoratiga bo‘lgan ixloslarin bu ibodatlarni ado qilish uchun Makka va Madina shaharlariga boruvchilarning yil sayin ko‘payishidan ham bilishimiz mumkin. Shu o‘rinda aytib o‘tishimiz zarur bo‘lgan ishlardan biri boshqa mazhab ulamolari ijtihodi bilan joriy bo‘lgan ibodatdagi ba’zi amallarni tushunmasdan yurtimizdan Makka va Madina shahriga borgan hojilar ham bajarishga odatlanib qolib, yurtimizga qaytgach ham bajarib mo‘min va musulmonlar o‘rtasida ixtilofga sabab blishmoqdalar. Anashunday ishlardan biri namozda fotiha surasini o‘qigandan so‘ng “Omin”ni tovush chiqarib, baland ovozda aytadiganlar paydo bo‘lib musulmonlar o‘rtasida ixtilofga sabab bo‘lmoqda. Quyidagi satirlarda “Omin”ni nima sababdan maxfiy aytish kerakligi borasida kelgan hadislar va ularning sharhi hamda ulamolarning bu borada aytgan so‘zlari bilan tanishamiz.
Vatandoshimiz bo‘lgan ulug‘ muhaddis Abu Iso at-Termiziy o‘zlarining Sunan kitoblarida quyidagi hadislarni keltiradilar.
Bizga Bundor Muhammad ibn Bashshor hadis aytdi. U bizga Yahyo ibn Sa’id va Abdurahmon ibn Mahdiy ikkalasi hadis aytdi dedi u esa Hujr ibn Anbasadan, u esa Voil ibn Hujr roziyalloxu anxudan xadis aytdi deyishgan. Voil ibn Hujr roziyalloxu anhu bunday deganlar:
«Men Nabiy sollallohu alayhi vasallamning «g‘oyri l-mag‘zubi ’alayhim va la-z-zolliyn» deb qiroat qilgan- larini eshitdim, shunda u zot «Omin!» deb ovozlarini chuzdilar».
Abu Iso at-Termiziy aytishicha, bu bobga oid rivoyatlar Hazrati Ali roziyallohu anhu va Abu Hurayra roziyallohu anhudan ham mavjud. Abu Iso: «Voil ibn Hujr roziyallohu anhuning hadisi hasan hadisdir!» - deydi.
Uni Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sahobalari, tobe’inlar va ulardan keyingi zotlardan iborat ahli ilmlardan bir qanchasi aitishgan. Ular inson «Omin!» bi- lan ovozini ko‘taradi, uni maxfiy aytmaydi degan fikrga kelishgan. Bu gapni Imom Shofe’iy, Ahmad va Ishoq ham ayt- ganlar.
SHo‘ba ushbu hadisni Salama ibn Kuhayldan, u esa Hujr Abu-l-Anbasadan, u esa Alqama ibn Voildan, u esa o‘z ota- sidan rivoyat qilib, Nabiy sollallohu alayhi vasallam «g‘oyri l-mag‘zubi ’alayhim va la-z-zolliyn» deb qiroat qilib turib “Omin” dedilar va ovozlarini pasaytirdilar degan.
Abu Iso: “Muhammad al-Buxoriydan bu borada sufyonning hadisi SHo‘baning hadisidan ko‘ra sahihroq deganini eshitdim”, degan. SHo‘ba bu hadisda bir necha o‘rinda xaroga yo‘l qo‘ygan.U “Hujr abu-l- Anbasadan” degan, holbuki, u Hujr ibn Anbasadir. U Abu-s-Sakan deb knyalangan. Yana unda Alqama ibn Voildan deb ziyoda qilgan, holbuki unda Alqama yo‘q.U aslida Hujr ibn Anbasadan, u esa Voil ibn Hujr roziyallohu anhudan rivoyat qilgan. Yana “unda ovozlarini pasaytirdi”, degan, vaholanki bunda “ovozlarini u bilan cho‘zdilar”, deb kelgan.
Abu Iso: «Bu hadis borasida Abu Zur’adan ham so‘radim. U ham Sufyonning bu boradagi hadisini SHo‘baning hadi- sidan ko‘ra sahihroq va Salama ibn Kuhayldan Sufyonning rivoyati kabi hadisni Alo ibn Solih al-Asadiy rivoyat qilgan dedi», - degan.
Abu Iso at-Termiziy bunday deydi: «Bizga Abu Bakr Muhammad ibn Abon hadis aytdi. U bizga Abdul- loh ibn Numayr hadis aytdi degan. U Alo ibn Solih al-Asadiy bizga Salama ibn Kuhayldan, u esa Hujr ibn Anbasadan, u esa Voil ibn Xujr roziyallohu anhudan, u esa Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan xuddi Sufyonning Salama ibn Kuhayldan qilgan hadisiga o‘xshashini hadis qilib aytib berdi degan».
Mazkur bobda «Fotiha» surasidan keyin «Omin»ni aytishning hukmi ko‘rib chiqiladi. «Omin»ni jahriy aytish afzal deydiganlar ham, uni maxfiy aytish afzal deydiganlar ham o‘zlariga yarasha dalillar keltirganlar. Biroq adolat va insof bilan ta’kidlash kerakki, ikki tarafning ham keltirgan dalillari yo sahih emas, yo sarih emas! Bu boradagi sahih bo‘lgan hadislar matnida sarih ochiq-oydin va aniq iboralar yo‘q, sarih ochiq-oydin va aniq iboralari bor hadislar esa sahih emas. Shuning uchun ham bu masalada faqihlar o‘rtasida har xil fikrlar vujudga kelgan. Imom Termiziy rahmatullohi alayh mazkur bobda ma’nosi bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan ikkm rivoyatni keltirganlar. Qizig‘i, ikkisi ham bitta sahobadan Voil ibn Hujr roziyallohu anhudan rivoyat qilingan:
Sufyon as-Savriy rohimahullohning rivoyatida Nabiy sol- lallohu alayhi vasallamning «G‘oyri-l-mag‘zubi ’alayhim va la-z-zolliyn» deb o‘qiganlariyu ovozlarini ko‘tarib «Omin!» deb cho‘zganlari naql qilingan.
SHo‘ba rohimahullohning rivoyatida esa Nabiy sollallohu alayhi vasallam «G‘oyri-l-mag‘zubi ’alayhim va la-z-zolliyn» deb o‘qiganlar va ovozlarini pastlatib «Omin!» deganlar.
Aslida, bu ikki rivoyat ham zaif. Zaif bo‘lsa ham, Imom Termiziy rohimahulloh ikki ustozi - Imom Buxoriy va Abu Zur’a qilgan tarjeh- ustun qo‘yishga asoslanib Sufyon as-Savriy rohimahullohning rivoyatini ustun hisoblaganlar.
Mazkur masalani to‘liq tushunish va idrok etish, aslida, qaysi rivoyat ustun ekanini chuqur anglash uchun masalaga ba- tafsilroq yondashish taqozo etiladi.
Islom ulamolari namozda «Fotiha» surasidan so‘ng «Omin» ni aytish borasida ixtilof qilmaganlar. Ulamolar qaysi mazhabga mansub bo‘lmasinlar, qaysi firqa a’zosi bo‘lmasinlar, «Fotiha»dan so‘ng «Omin»ni aytish sunnat ekanligiga bir ovozdan ijmo’ qilganlar. «Omin»ni oshkora yoki maxfiy aytish ikkisi ham shariat nuqtai nazaridan joiz sanaladi. Ammo ulamolar «Omin»ni maxfiy yoki oshkora aytishning qaysi biri afzal ekani borasida ixtilof qilganlar - turli fikrlarga kelganlar.
«Omin» Alloh taoloning ismlaridan biri sifatida ham talqin qilingan rivoyatlar mavjud. Biroq ular zaif bo‘lga- ni uchun ulamolar ko‘p e’tibor qaratishmagan.
«Omin»ning jahriy yoki maxfiy aytilishi masalasida har ikki taraf faqihlari munosib javoblar berishgan. Hana- fiy-molikiylar tomonidan maxfiy aytish afzalligiga, sho- fe’iy-hanbaliylar tomonidan jahriy aytish afzal ekaniga turli dalillar keltiriladi. Barcha dalillar sahih emas, sa- hihlari sarih emas. Bu bahsning asli Voil ibn Hujr roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisga borib taqaladi. Ikki taraf ham o‘z qavliga shu hadisni dalil qiladi. Qanday qilib ikki zid fatvoga bir hadis dalil bo‘lishi mumkin? Buning sababi - mazkur rivoyatda ixtilofli lafzlar borligidir.
Voyl ibn Hujr roziyallohu anhuning hadisi roviylar to- monidan ikki xil tarzda, zohiran bir-biriga qarama-qarshi o‘laroq rivoyat qilingan. Shuning uchun ham, sahih bo‘lishiga qaramay, uni ikki buyuk muhaddis - Imom Buxoriy rohimahulloh va Imom Muslim rohimahulloh o‘z «Sahih»lariga kiritmaganlar.
Voil ibn Hujr roziyallohu anhuning Sufyon rohimahulloh rivoyat qilgan tariq (roviylar yo‘li - silsilasi) bo‘yicha qu- yidagicha kelgan: Bundor bizga hadis aytdi. U bizga Yahyo ibn Said va Abdurrahmon ibn Mahdiy hadis aytishdi degan. Ular Sufyon bizga Salama ibn Kuhayldan, u esa Hujr ibn Anbasdan, u esa Voil ibn Hujrdan hadis aytdi degan. Voil ibn Hujr roziyallohu anhu bunday dedi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «g‘oyri-l- mag‘zubi ’alayhim va la-z-zolliyn»ni qiroat qilganlari va «Omin» deganlarini eshitdim. U bilan ovozlarini cho‘zdilar».
Voil ibn Hujr roziyallohu anhuning SHo‘ba rohimahulloh tariqidan kelgan rivoyati esa quyidagicha:
SHo‘ba ushbu hadisni Salama ibn Kuhayldan, u esa Xujr Abu-l-Anbasdan, u esa Alqama ibn Voildan, u esa otasi Voil ibn Hujr roziyallohu anhudan rivoyat qilgan:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «g‘oyri-l-mag‘zubi ’alayhim va la-z-zolliyn»ni qiroat qildilar va «Omin» dedilar. U bilan ovozlarini pasaytirdilar».
Yuqoridagi ikki rivoyatdan Sufyon as-Savriy rohimahulloh tariqini shofe’iylar va hanbaliylar qabul qilib, uni asl  asos deb bilganlar va SHo‘ba rohimahulloh tariqini tark etganlar, amal uchun mutlaqo qabul qilmaganlar. Aksincha, hanafiy va molikiylar SHo‘ba rohimahulloh tariqini qabul qilib, uni asl asos deb bildilar va Sufyon as-Savriy rohimahulloh tariqini ta’vil qildilar. Ularning ta’vili quyidagicha:
«Sufyon as-Savriy rohimahulloh tariqida kelgan (Va madda biha sovtahu) - «U bilan ovozlarini cho‘zdilar» deb kelgan iborani Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Omin»ning «alif» va «yoy» harflarini cho‘zganlar deb tushunish kerak. Aslida, Rasululloh sollallohu alayhi va- sallam «Omin»ni maxfiy aytib, uning maddlariga - cho‘zimlariga rioya qilganlar.
«Omin»ni oshkora aytish afzal deydigan taraf - shofe’iylar va hanbaliylar Sufyon rohimahullohning rivoyatini ustun qo‘yish uchun SHo‘ba rohimahullohning rivoyatiga to‘rtta e’tiroz bildirdilar.
Aslida, mazkur e’tirozlarni Imom Buxoriy rohimahulloh bildirib o‘tganlar va uchtasini «At-Ta’rix al-kabir» asarida ko‘rsatib ketganlar. Ular quyidagilardan iborat:
1. SHo‘ba rohimahullohning rivoyatidagi birinchi yangli- shuv - Salama ibn Kuhayl o‘z ustozi nOmini Hujr Abu-l-Anbas deb bergan. Bu yerda Hujrning kuniyasi Abu-l-Anbas (Anbasning otasi) deyilgan. Holbuki, Sufyon as-Savriy rohimahulloh tariqidan ma’lumki, u Hujr ibn Anbasdir. YA’ni Hujr Anbasning o‘g‘li, otasi emas. Uning kuniyasi Abu-s-Sakan bo‘lgan;
2. SHo‘ba rohimahullohning rivoyatidagi ikkinchi yangli- shuv - Hujr bilan Voil o‘rtasida vositachilik qilgan Alqama ibn Voil degan roviy bor. Holbuki, Sufyon as-Savriy rohima xulloh tariqidan ayon bo‘ladiki, ular o‘rtasida vosita bo‘lma- gan. Hujr ibn Anbas to‘g‘ridan-to‘g‘ri Voil ibn Xujr roziyallo- hu anhudan hadis rivoyat qilgan;
3. SHo‘ba rohimahullohning rivoyatidagi uchinchi yangli- shuv hadis matnida uchraydi. YA’ni Imom SHo‘ba hadisida
(Va xofiza biha sovtahu) - «U bilan ovozlarini pasaytirdilar» jumlasi Sufyon as-Savriy rohimahulloh tariqida  (Va madda biha sovtahu) - «U bilan ovozlarini cho‘zdilar» deyilgan.
Imom Buxoriy rohimahulloh bildirib o‘tgan mazkur uchta e’tirozni Imom Termiziy rohimahulloh o‘zining «Jome’ as- sunan» («Sunani Termiziy») asarida birma-bir qayd qilganlar. 
Shuningdek, Imom Bayhaqiy rohimahulloh ham o‘zining «as- Sunan al-kubro» asarida ularni sanab o‘tgan. 
To‘rtinchi e’tirozni ham Imom Buxoriy nomidan Imom Termiziy o‘zlarining «Al-Ilal al-kabir» asarida keltir- ganlar:
4. SHo‘ba rohimahullohning rivoyatidagi to‘rtinchi yangli- shuv Alqama ibn Voilning o‘z otasi Voil ibn Hujr roziyallohu anhudan rivoyat qilgani aytilganidir. Holbuki, Alqama otasi Voildan hadis eshitgani aniq emas. Chunki Alqama otasi vafotidan so‘ng olti oydan keyin dunyoga kelgan.
Ana shu yuqoridagi to‘rtta e’tirozga ko‘ra SHo‘ba rohima- hullohning rivoyati marjuh va g‘ayri mahfuz, Sufyon as-Savriy rohimahullohning rivoyati esa rojih va mahfuz hisoblangan.
Hanafiylar SHo‘ba rohimahullohning rivoyatini asl asos sifatida qabul qilganlari uchun buni isbotlash maqsadida ushbu e’tirozlarga qoniqarli javob berganlar. 
«Omin»ni maxfiy aytishni afzal ekanligi borasida yana quyidagi ma’lumotlarni keltirib o‘tamiz:
1) Sufyon as-Savriy rohimahullox, garchi, buyuk zot bo‘lsa- larda, biroq ko‘pincha hadis sanadida tadlis qilar edilar. Tadlis birorta roviyning o‘z ustozi nOmini atayin aytmas- ligi yoki birorta hadis ustozidan aniq hadis eshitganini muhaddislikda tan olingan aniq va oshkora iboralar bilan aytmasdan, buni yashirishidir. Sufyon as-Savriy rohimahulloh haqida «at-Taqrib»da     «Gohida u tadlis qilib
turardi» deyilgan.  E’tibor berilsa, u zotning bu yerda zikr qilinayotgan ushbu rivoyati ham an’ana (’an falon, ’an falon) tarzida keltirilgan.
SHo‘ba rohimahulloh eyea bunga zid o‘laroq: «Tadlis - zino- dan ham og‘irroq gunoh!» - deb bilardi. Yana u bunday degan: «Tadlis qilganimdan ko‘ra samodan tashlab yuborilganim menga yaxshiroqdir!» 
SHo‘ba rohimahulloh zaiflardan ham, siqalardan ham aslo tadlisga yo‘l qo‘ymas edi. U haqida Ibn as-Saloh o‘zining hadis istilohlariga bag‘ishlangan mashhur asari - «Muqaddima»da shularni yozib qoldirgan:
«Bas, tadlis o‘ta makruh bo‘lib, uni ko‘pchilik olimlar yomon ko‘rganlar. Uni yomonlaganlar ichida eng ashaddiysi SHo‘ba bo‘lgan. Imom ash-Shofe’iy roziyallohu anhudan rivoyat qilishimizcha, u SHo‘baning bunday deganini aytgan: «Tadlis yolg‘on- ning SHerigidir». SHo‘baning o‘zidan ham rivoyat qilganmiz, u: «Zino qilganim tadlis qilganimdan yaxshiroq», - degan. Bu SHo‘baning tadlis borasidagi mubolag‘ali, haddan ortiq gaplari boshqalarga tanbeh berish va tadlisdan nafratlanish sababidan edi». 
E’tibor berilsa, SHo‘baning rivoyatlari Imom Ahmad ro- himahulloh, Tayolusiy rohimahulloh va Doraqutniy rohima- hulloh kabilar naqlida tahdis - «hadasana» yo‘liga ko‘ra ri- voyat qilingan;
2) Sufyon as-Savriy rohimahullohni, garchi, «Omin»ni oshkora aytish haqidagi hadis roviysi sifatida tanishtirgan bo‘lsalarda, aslida, u zot o‘zlari amalda hanafiylar kabi «Omin»ni maxfiy aytganlar. Unda olim o‘z ilmiga amal qilmagan bo‘lib chiqadimi yoki o‘zi rivoyat qilgan hadisni hanafiylar kabi tushunganmi?! Albatta, salafi solihlar to‘g‘risida yaxshi gumon qilib aytamizki, Sufyon as-Savriy rohimahulloh hadisni hanafiylar kabi ta’vil qilib tushunganlar. Shuni tan olgan yaxshiroq bo‘ladi.
Sufyon as-Savriy rohimahullohning o‘zlari amalda «Omin»ni maxfiy aytganlari juda katta dalil hisoblanadi;
3) «Omin»ning ma’nosidan uning duo ekani ma’lum bo‘ladi. Ato ibn Abu Raboh rohimahullohning «Omin» duodir!» degan gapini Imom Buxoriy rohimahulloh o‘zining sahih hadislar tuplamida rivoyat qilgan. Yuqorida Muso alayhissalom duo qilsalar, Horun alayhissalom «Omin» deb turganlar. Alloh taolo bu ikki aka-uka payg‘ambarlarga musulmonlar uchun uy-joy tayyorlab, unda qiblani to‘g‘rilab, ibodat qilishga buyuradi. Ular ibodat asnosida duo qilganlar. Alloh taolo bu ikki payg‘ambarning duosi va «Omin»ini duo sifatida qabul qilganini zikr qilgan:
Alloh «Duolaringiz ijobat bo‘ldi. Endi to‘g‘ri yo‘lda sobit bo‘linglar va hargiz bilmaydigan kimsalar- ning yo‘liga ergashmanglar!» degan.
Qur’oni karim oyatlarida Allohga duo qilishning hamma- si maxfiy bo‘lishi kerakligi ta’kidlangan. Bu borada SHo‘ba rohimahullohning rivoyati Qur’oni karim oyatlari mazmuni va hukmiga muvofiqdir:
- «A’rof» surasida kelgan ushbu oyatga e’tibor bering:
 «Robbingizga tazarru’ va maxfiy duo qiling. Zotan, U haddan oshuvchilarni sevmas». 
- Yana «A’rof» surasida kelgan ushbu ikki oyatga e’tibor bering:
«Qur’on tilovat qilganda uni tinglanglar va jim tu- ringlar, shoyad, rahmatga erishsangiz. Robbingni ertayu kech ichingda tazarru’-la, qo‘rqib, ovoz chiqarib gapirmay zikr qil va g‘ofillardan bo‘lma». 
«Omin» duo va zikr bo‘lgani bois yuqoridagi oyatlar mazmu- nidan uni maxfiy aytish afzal ekanligi kelib chiqadi. Allohga duo emas, odamlarga qilinadigan da’vat ma’nosidagi duo oshkora qilinishi lozimligi Qur’oni karimda shunday bayon qilingan:
«So‘ngra, albatta, men ularni jahriy da’vat qildim». 
Oyati karimalarni o‘rganishdan quyidagi xulosalar chiqadi:
Birinchidan, «Omin» so‘zi duoning mustajob bo‘lishi so‘ral- gan talab bo‘lib, uning maxfiy bo‘lishi Qur’on ma’nolariga muvofiq keladi.
Ikkinchidan, «Omin» so‘zi «A’uzu billohi min ash-shayto- ni-r-rojim»dan yaxshiroq emas. Zotan, Alloh taolo Qur’oni karimda shunday deb buyurgan:
«Qur’on o‘qigan chog‘ingda Allohdan quvilgan shayton(sharri)dan panoh so‘ragin». 
Shunday bo‘lsa-da, «A’uzu billohi min ash-shaytoni-r-ro- jim» namozda maxfiy aytiladi. Rasululloh sollallohu alay hi vasallamdan ham, sahobalardan ham uni oshkora o‘qiganliklari haqida rivoyat mutlaqo yo‘q. «Omin» so‘zi esa Qur’ondan emas, hatto arabcha so‘z ham emas. Shunday ekan, agar u surai «Fotiha» bilan zam suraning orasida oshkora aytiladigan bo‘lsa, asli Qur’ondanmikan degan ikkilanish yuzaga kelib qolishi mumkin. Binobarin, uni maxfiy aytish qiyosga ham muvofiqroq bo‘ladi;
4) Sho‘ba rohimahullohning rivoyatini quvvatlaydigan dalilni Abu Hurayra roziyallohu anhuning rivoyatidan ham topish mumkin:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar: «Qachon imom «g‘oyri-l-mag‘zubi ’alayhim va la-z-zolliyn» desa, sizlar «Omin» denglar. Zotan, kimning «Omin»i farishtalar- ning aytganiga to‘g‘ri kelsa,o‘tgan gunohlari kechiriladi». 
Bu yerda imomning «g‘oyri-l-mag‘zubi ’alayhim va la-z-zol- liyn» deganidan so‘ng uning o‘zi «Omin»ni aytishi kerakligini yuqorida isbotlagan edik. Demak, agar u bu yerda «Omin»ni aytgan bo‘lsa, demak, uni maxfiy aytgan bo‘lib chiqadi. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «imom «Omin» desa, «Omin» denglar» demadilar, balki «g‘oyri-l-mag‘zubi ’alay- him va la-z-zolliyn» desa, sizlar «Omin» denglar» deb oyatni aytishiga bog‘lab qo‘ymoqdalar.
Ya’ni imomning «Omin»ni aytishiga go‘yo unga iqtido qiluvchilar ham ergashgan holda maxfiy ravishda aytishi kerakligini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buyurmoqdalar.
Yuqorida aytilganlardan xulosa qiladigan bo‘lsak «Omin»ni maxfiy aytish oyatga ham, hadisga ham va hanafiy mazhabi ulamolar ijtihodiga ham muvofiq kelar ekan.

Xalikov Nurullo
Xoja Buxoriy o’rta maxsus islom bilim yurti 
o’qituvchisi