1448 йил 07 Жумодус соний | 2026 йил 17 ноябрь, Сешанба.
ЎЗ UZ RU EN AR

Намоз вақти: Қарши

Fajr
06:04
Sunrise
07:21
Dhuhr
12:22
Asr
15:42
Maghrib
17:22
Isha
18:39


Намозни тўлиқ адо этинг. Албатта, намоз мўминларга вақтида фарз қилингандир (Нисо сураси 103-оят)

UMMAT OG‘IRINI ENGIL QILGAN PAYG‘AMBAR ﷺ.

24-09-2025, 16:36 129 Ўқиш режими + -
Alloh taolo har bir payg‘ambarini o‘z ummatiga hidoyatchi va yo‘lboshchi qilib yuborgan. Ammo barcha payg‘ambarlar orasidan eng ulug‘ va eng komil zot – Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamdir. U zotning barcha fazilatlari ichida eng chiroylisi va eng ta’sirlisi – ummat og‘irini engil qilish, ummat dardi bilan yashash fazilatidir.
Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi: "Biz seni jahonlarga faqat rahmat qilib yubordik" (Anbiyo surasi, 107-oyat).
Bu oyati karima Payg‘ambarimiz ﷺning butun insoniyat uchun, ayniqsa, ummatlari uchun qanday mehr va rahmat manbai ekanini ko‘rsatadi. U zot faqat o‘zini emas, balki barcha ummatning mashaqqatini yuragida his qilar edilar.
Hadislarda rivoyat qilinadi: Payg‘ambarimiz ﷺ har namozlaridan keyin va har duolarida ummatlari uchun istig‘for so‘rar edilar. U zotning huzurlariga maloyik kelib, “Alloh taolo ummatingizdan qay bir kishi sizga salavot aytsa, unga o‘n marotaba rahmat yoziladi”, deganida, Payg‘ambarimiz sevinib:
“Ummatim, ummatim!” – deb shukr qilganlar.
Rasululloh ﷺ ummatga qiyin bo‘ladigan narsalardan qochib, osonroq yo‘llarni tanlab berdilar. Masalan:
Namoz avval 50 vaqt qilib farz qilingan edi. Payg‘ambarimiz ﷺning Alloh taologa iltijolari bilan u 5 vaqtga engillatildi, ammo savobi avvalgidek qoldi.
Safardalikda namozni qisqartirish, ro‘zani kechiktirish yoki qiynalganda buzib qo‘yish, bemorga ro‘za o‘rniga fidya berish kabi hukmlar ham ummatga engillik bo‘lsin deb joriy qilindi.
Bir sahobiy: “Ey Rasululloh, men doim siz uchun duo qilaman. Duolarimning qanchasini sizga bag‘ishlay?” deb so‘raganida, u zot:
“Agar duolaringning barchasini menga bag‘ishlasang, Alloh sening barcha ishlaringni etarli qiladi”, deb javob berganlar. Bu ham u zotning ummat duosi bilan cheksiz bog‘liqliklarini anglatadi.
Rasululloh ﷺning barcha sunnatlari va hayotiy yo‘llari inson hayotini engillashtirishga qaratilgan. U zot orqali biz dinda qattiqqo‘llik emas, balki osonlik va rahmat yo‘lini topdik. 
Aytish joizki, Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam – ummat og‘irini engil qilgan zotdir. U zotning hayoti ummatning hidoyati va rahmati uchun bag‘ishlangan. Shuning uchun har bir mo‘min bandaning burchi – Payg‘ambarimizga ko‘proq salavot aytish, sunnatlariga ergashish va ummat og‘irini engil qilishda o‘z hissasini qo‘shishdir.
Alloh taolo bizlarni Rasululloh ﷺning haqiqiy ummati hamda u zotning shafoatlariga munosib qilsin! Omin.
 
 
Abdug‘ani BOZOROV
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi