1448 йил 07 Жумодус соний | 2026 йил 17 ноябрь, Сешанба.
ЎЗ UZ RU EN AR

Намоз вақти: Қарши

Fajr
06:04
Sunrise
07:21
Dhuhr
12:22
Asr
15:42
Maghrib
17:22
Isha
18:39


Намозни тўлиқ адо этинг. Албатта, намоз мўминларга вақтида фарз қилингандир (Нисо сураси 103-оят)

Qur’on vasfi

18-01-2020, 15:53 1 786 Ўқиш режими + -

Qur’on vasfi

 

     Har narsaning o‘ziga yarasha vasf-sifatlash mumkin. Ammo Qur’onni haqqona vasf qilishda banda ojizlik qiladi. Chunki U buyuk Allohning kalomidir. Bu kalomning vasfini Allohning elchisi bo‘lgan Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan eshitganimiz ayni muddaodir. Bu borada “Tafsiri Hilol” kitobdan katta iqtibos keltiramiz:

Qadrli tafsirxon, o‘zingiz o‘rganmoqchi bo‘lib turgan vasfiga so‘z ojiz ushbu ilohiy dasturning mohiyatini yana ham aniqroq tushunib olishimiz uchun butun vujudimizni etibor va ehtimom nuqtasiga aylantirgan holda, ushbu kitobni Allohdan qabul qilib olgan zotga murojaat qilib, uni vasf etib berishlarini so‘raylik. U zoti bobarakot bizning bu savolimizga Imom Termiziy al-Horis al-Avar roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharif orqali javob beradilar: O‘sha hadisda al-Horis al Avar quyidagilarni aytadilar:

 «Masjiddan o‘tdim. Qarasam, odamlar turli gaplarga sho‘ng‘ishmoqda. Shunda Ali roziyallohu anhuning oldilariga kirib:

«Ey amiral mo‘minin, ko‘rmaysizmi, odamlar turli gaplarga shung‘ibdilar», dedim.

«Darhaqiqat, shuni qilibdilarmi?» dedilar u kishi.

«Ha», dedim. U kishi quyidagilarni aytdilar:

«Ammo men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning:

«Ogoh bo‘lingizkim, albatta fitna bo‘lur!» deganlarini eshitdim. Shunda:

«Undan chiqish ne ila bo‘lur, ey Allohning Rasuli?» dedim.

«Allohning kitobi ila. Unda sizdan oldin bo‘lgan narsalarning axbori va sizdan keyingi narsalarning xabari va sizning orangizdagi narsalarning hukmi bor. U fosil qiluvchidir, hazl emasdir. Kim bir jabbordan qo‘rqib, Uni tark qilsa, Alloh uning umurtqasini sindirur. Kim Undan boshqadan hidoyat izlasa, Alloh uni zalolatga ketkazur. U–Allohning metin arqonidir. U–hikmatli zikrdir. U–sirotul mustaqiymdir. U–uning ila havoi nafslar toymaydigan, U–uning ila tillar tutilmaydigan, U–ulamolar undan to‘ymaydigan, U–ko‘p tarqalish bilan eskirmaydigan va ajoyiblari tugamaydigan narsadir. U–jinlar uni eshitishlari bilan darhol «Albatta, biz ajib Quronni eshitdik, u rushdga hidoyat qilur», degan narsadir. Kim u bilan gapirsa, sodiq bo‘lur. Kim unga amal qilsa, ajr olur. Kim uning ila hukm qilsa, adolat qilur. Kim uning ila davat qilsa, sirotul mustaqiymga hidoyat qilinur. Mana bularni olgin, ey, Avar», dedilar».

Hazrati Ali roziyallohu anhu  aytib bergan bu hadisi sharifda Quroni Karimning vasfi batafsil bayon qilinmoqda. Aziz tafsirxon, keling ushbu nabaviy vasfni qo‘limizdan kelgancha o‘rganib chiqaylik.

Ushbu hadisda sevikli Payg‘ambarimiz, yo‘lboshchimiz va shafoatchimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam o‘z zamonlaridan keyingi davrlarda fitna chiqishidan ummatlarini ogohlantirmoqdalar.

Hazrati Alidek ulug‘ zot va olim sahobiy esa, odamlarning masjidda o‘tirib olib turli gaplarga sho‘ng‘ishlarini o‘sha, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ogohlantirgan fitna, deb tushuntirmoqdalar. Endi o‘sha holat bilan bizning holatimizni solishtirib ko‘raylik. Bizdagi fitna hazrati Ali roziyallohu anhu  xavf qilgan fitnadan yuz million marta ortiq emasmi?! Islom, Quron talimotlari butunlay tark qilinib, odamlar necha zamonlardan beri nafaqat turli gaplarga, balki dunyoda borki gunohlarga, harom-xarishlarga, fisqu fujurlarga, kufru nifoqlarga sho‘ng‘igandan-sho‘ng‘ib yurishmayaptimi?! 

Hazrati Ali roziyallohu anhu  Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan fitna haqidagi ogohlantirishni eshitishlari bilan o‘sha fitnadan chiqish yo‘lini so‘radilar. U kishi bir marta muhtoj bo‘lsalar, bugungi kunda siz bilan biz bu yo‘lga yuz million marta muhtojmiz .

Kelajakda musulmonlar fitnaga uchrashidan ogohlantirgan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam fitnadan chiqish yo‘lini ham ko‘rsatib berdilar. Hazrati Ali roziyallohu anhu ning: 

«Undan chiqish ne ila bo‘lur, ey Allohning Rasuli», degan savoliga 

«Allohning kitobi ila», deb javob berdilar. 

Bugungi kunda musulmonlar fitnaga uchraganlari shubhasiz. Ha, bugun musulmonlar o‘zlarining uzoq tarixlarida hech uchramagan fitnaga uchrab turibdilar. Bugungi kun musulmonlari iymonu etiqod, dinu diyonat, Quronu shariatdan misli ko‘rilmagan daraja uzoqlashib turibdilar. Ular adadlari ko‘p bo‘lishlariga qaramay yer yuzining biror nuqtasida Alloh ularga ishonib topshirgan omonatni uddalay olmayaptilar. Zaminning biror parchasida Allohning shariatini Alloh aytganidek qoim qila olmayaptilar. Dunyoning hammasini hidoyatga boshlab, yetakchilik qilishi lozim bo‘lgan musulmonlar, xoru zor bo‘lib, hammadan keyin qolib, birovlarning yetovida yuribdilar. Gapning qisqasi, musulmonlar har tomonlama fitnaga uchraganlar. Ular ushbu fitnadan qutulib chiqmoqlari lozim. Fitnadan chiqish esa, Allohning sevikli Payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallam ushbu hadisi shariflarida takidlaganlaridek, faqatgina Allohning kitobi ila bo‘ladi. Ha, bu ulkan fitnadan chiqish uchun har bir musulmon va barcha musulmonlar birgalikda Allohning kitobi Quroni Karimga qaytishlari, uni mahkam tutishlari lozim. Buning uchun esa Quroni Karimga bo‘lgan iymonni mustahkamlash, uning har bir harfini qunt bilan o‘rganish, eng muhimi, Quronga to‘laligicha og‘ishmay amal qilish lozim. Ana shundagina fitnadan chiqib, saodat yo‘lini topish va oliy maqsadga erishish mumkin. Ha, musulmonlar Quroni Karimga to‘laligicha og‘ishmay amal qilsalargina o‘zlarining oliy maqsadlariga erishishlari, bugungi fitnadan chiqishlari mumkin. Musulmonlarning Payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ularga qilgan tavsiyalari shu. U zot sollallohu alayhi vasallam nima uchun Quroni Karim fitnadan chiqish yo‘li bo‘lishini ham batafsil bayon qilib, sharhlab tushuntirib bermoqdalar. U zot o‘z ummatlariga bu haqda quyidagilarni aytmoqdalar:

1. «Unda sizdan oldin bo‘lgan narsalarning axbori»...bor.

Ha, Quroni Karimda musulmon ummati, Muhammad sollallohu alayhi vasallam ummatidan oldingi o‘tgan narsalarning xabarlari bor. Bo‘lganda ham eng ishonchli, eng to‘g‘ri, eng ibratli xabarlar bor. Musulmonlar Quroni Karimdagi o‘sha o‘zlaridan oldin bo‘lgan narsalarning axborini o‘qib, o‘rganib, ulardan ibrat olishlari matlub. Mazkur axborlarda kim kofir, fosiq, mushrik, osiy, munofiq, sarkash bo‘lsa, halokatga uchrashi haqida so‘z yuritiladi. Musulmonlar ulardan ibrat olib, o‘sha halokatga uchraganlarning qilmishlaridan birortasining ham yaqiniga yo‘lamasliklari lozim.

Mazkur axborlarda Allohga, U zot yuborgan Payg‘ambarlarga, U zot nozil qilgan kitoblarga iymon keltirib, U zot joriy qilgan shariatlarga amal qilganlar ikki dunyo baxtu-saodatiga erishganlari takidlanadi. Mo‘min- musulmonlar bu haqiqatlardan ibrat olib, Allohga, U zotning oxirgi Payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga, Robbil olamiynning oxirgi va abadiy kitobi Quronga bo‘lgan iymonlarini mustahkamlashlari va so‘nggi, mukammal, barkamol ilohiy shariat Islomga to‘la-to‘kis amal qilmoqlari lozimdir.

Quroni Karimdagi bizdan oldin bo‘lgan narsalarning axborida iymon-Islom yo‘li oson emasligi, u yo‘lga poyondoz to‘shalib, gullar sochilib qo‘yilmaganligi, balki bu yo‘l havoyi nafsning, bu dunyo muhabbatining, kofir, mushrik, munofiq va boshqa dinu diyonat dushmanlarining qarshiligini, turli to‘siq va mashaqqatlarini yengib yurish lozim yo‘l ekanligi takidlanadi. 

Muhtaram tafsirxon, siz bilan biz mazkur axborlardan ham ibrat olishimiz lozim. Iymon-etiqod, dinu diyonat va tatbiqi shariat yo‘lidagi uchrashimiz lozim bo‘lgan har bir qiyinchiliklarga ham tayyor bo‘lmog‘imiz lozim.

Aziz va qadrli tafsirxon, avval o‘tgan hodisalardan ibrat olish lozimligini har bir xalq, har bir millat, har bir qavm qayta-qayta takidlaydi. Lekin o‘sha ibrat olinishi lozim bo‘lgan qissalar bir-biridan farqli. Dunyoda faqatgina siz bilan bizning, yani mo‘min-musulmonlarninggina ibrat olishimiz lozim bo‘lgan o‘tmish haqidagi qissalarimiz eng to‘g‘ri va eng ishonchlidir. Biz ibrat oladigan o‘tmish qissalarini o‘tmishning, hozirning hamda kelajakning egasi Alloh taoloning O‘zi aytib bergan. Bizdan boshqalar o‘tmish qissalaridan ibrat olaman desa, yolg‘on-yashiq, bidat-xurofot, turli afsona va diydiyolarga duchor bo‘ladilar. Hozirgi kunda Injil va Tavrot nomli ilohiy kitobga ega ekanliklarini, ularda ham oldin bo‘lgan narsalarning axbori borligini davo qilayotganlar bor. Ammo, hozirgi Injil va Tavrotlar Allohdan qandoq nozil bo‘lgan bo‘lsa, o‘shandoq holida emas, ularga ko‘plab buzilishlar oriz bo‘lib, asli ilohiylik hollari qolmagan. Ayniqsa aynan o‘tmishdagi bo‘lib o‘tgan hodisalarga taalluqli joylarida buzilish katta bo‘lgan. Shuning uchun ham o‘tmishdagi tarixiy hodisalarni ilmiy asosda o‘rganib, Tavrot, Injil va Quronga solishtirib chiqqan g‘arblik olimlar Tavrot va Injilning buzilganligini tushunib yetib, ulardan yuz o‘girib, Quronga iymon keltirmoqdalar.

Ha, muhtaram tafsirxon, dunyoda faqat siz bilan bizgina oldin bo‘lib o‘tgan narsalar haqida to‘g‘ri malumotga va ulardan foydali ibrat olish imkoniga egamiz. Buning uchun Alloh taologa shukr qilaylik va Robbimizning kitobini qunt bilan o‘rganaylik.

Qimmatli tafsirxon, janobingizga malum bo‘lsinkim, Quroni Karimdagi bor narsalar faqat bizdan oldin o‘tgan Payg‘ambarlar va ularning qavmlari qissasidan iborat emas. Mazkur axborlar ichida Alloh taolo butun borliqni yo‘qdan bor qilib yaratgani, butun mavjudotlarni yaratgani, Odamni O‘z qo‘li bilan yaratib, uni O‘zining yer yuzidagi xalifasi qilib qo‘ygani, Odamdan uning juftini yaratgani, Odam alayhissalom bilan Shayton alayhi lana orasida bo‘lib o‘tgan mojarolar va yana boshqa ko‘pgina narsalar ham bor. Mazkur narsalar bilan batafsil tanishish, ulardan ibrat olish va boshqa ishlar, ushbu «Tafsiri Hilol»ingizni qunt bilan o‘qib, zehn solib tushunish, do‘stlar bilan muhokama-munozara qilish orqali bo‘ladi.

2. «Unda sizdan keyingi narsalarning xabari...bor».

Quroni Karimdagi bizdan-ummati Muhammadiyadan keyingi narsalar xabari, qiyomat qoim bo‘lishi, hamma o‘lganlar qayta tirilishi, mahsharga to‘planishi, bu dunyoda qilgan ishlari zarracha ham qoldirilmay, hisob-kitob qilinishi, iymon keltirib, amali solih qilganlar xursand, kufr keltirgan va fisqu-fujur qilganlar xafa bo‘lishi, mezon, ko‘prik, jannat va do‘zax hamda shunga o‘xshash boshqa xabarlardir. Bu xabarlarga iymon keltirish mo‘min-musulmon shaxs uchun iymonning arkonlaridan bir rukndir. Mazkur xabarlarni Quroni Karimda zikr qilinishi, ularni iymon ruknlaridan biriga aylantirilishidan maqsad, kishilarni iymon, Islomga chaqirishdir. Allohning kalomidan qiyomat va unga tegishli narsalar haqida malumot olgan, unga iymon keltirgan kishi o‘sha kunga tayyorgarlik ko‘rib yashashga o‘tadi. Mo‘min holida Alloh buyurgan hamma narsalarga og‘ishmay amal qiladi va Alloh qaytargan hamma narsalardan qaytadi.

Ha, muhtaram dindoshim, faqat siz bilan biz musulmonlargina o‘zimizni oldinda nimalar kutayotganini bilamiz, ularga iymon keltiramiz va hozirdan tayyorgarligimizni ko‘rib boramiz. Bu ishda bizga Quroni Karim yordamchi bo‘ladi. Biz bu bilan qanchalar faxrlansak oz. Chunki, bizdan boshqalar bu imkoniyatga ega emaslar. U bechoralarning Quronlari yo‘q. Oldilarida nima borligini aniq bilmaydilar. Shuning uchun ham ular zalolatning turli yo‘llarida yuribdilar. Bizga esa, bu masalani Alloh taoloning O‘zi yechib bergan. Siz bilan biz esa, o‘sha ilohiy yechimni o‘rgansak bo‘ldi, boshqa ovoragarchilikning keragi yo‘q. Buning uchun Robbimizning kalomini o‘rganishimiz, qunt va ixlos bilan dars qilib o‘qishimiz lozim va lobuddir.

3. «va sizning orangizdagi narsalarning hukmi bor». 

Ha, Quroni Karimda siz bilan biz musulmonlarning oramizdagi barcha narsalarning hukmi bordir. O‘sha narsalar haqida hukmning yo‘l-yo‘riqlari, qonun-qoidalari bordir. Mo‘min-musulmon o‘z hayotining har bir sohasida, kattayu kichik har bir ishida faqatgina Islom shariati hukmi bilan ish tutmog‘i ham farz, ham qarz. Mo‘min-musulmonlik davosini qilib turib o‘z hayotidagi biror narsada Islomning hukmidan boshqaning hukmi bilan ish tutmoq mutlaqo mumkin emas. Bu nafaqat shariatga, Quronga va Sunnatga, balki, sog‘lom aqlga ham to‘g‘ri kelmaydi.

Xo‘sh, azizim, ayting-chi, har bir mo‘min-musulmon o‘zining har bir ishini muqaddas dinimiz hukmiga mos qilishi lozimu lobud ekan, bu maqsadga erishish uchun eng avval nima qilish kerak? Albatta, avvalo o‘sha hukmlarni o‘rganish kerak. Bu esa diniy talimotlarni o‘rganish bilan yuzaga keladi. Demak, siz bilan biz «Tafsiri Hilol» orqali Allohning kalomini o‘rganar ekanmiz, aynan o‘sha oliy maqom ishni amalga oshirayotgan bo‘lamiz.

4. «U fosil qiluvchidir, hazl emasdir». 

Ha, sodiqul masduq sifati sohibi bo‘lmish, Muhammad al-Sodiq laqabini olmish rostgo‘y Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining bu qavllarida ham sodiq-rostgo‘ydirlar.

Zotan, Robbul olamiynning O‘zi ham «Toriq» surasida Kalomi Sharifni vasf qila turib:

«Innahu laqovlun fasl va maa huva bilhazl», yani «Albatta u fosil qiluvchi qavldir, U hazl emasdir», deb marhamat qilgan.

Quroni Karimning fosil qiluvchiligi-ajratuvchiligi haqiqiydir. U har bir narsani ajratib-ajratib ko‘rsatib bergan. Jumladan, haqni botildan, yaxshini yomondan, foydani zarardan, halolni haromdan, savobni gunohdan, mo‘minni kofirdan, muxlisni munofiqdan ajratib qo‘ygan. Ana o‘sha ajrimlarni, oddiy ajrim emas, ilohiy–Quroniy ajrimlarni bilib olishimiz uchun Quroni Karimni yaxshilab, zehn va ixlos ila o‘rganmog‘imiz zarurdir.

Ha, Quron hazil emas, Unda birorta ham befoyda, kammano, hikmatsiz so‘z yo‘q. Quroni Karimdagi har bir so‘z o‘ta jiddiy, o‘ta foydali, o‘ta purmano va o‘ta hikmatlidir. Siz bilan biz Allohning kalomini o‘rganar ekanmiz, ushbu haqiqatlarni ham doimo yodimizda tutmog‘imiz lozimdir. Ana shunda o‘rganayotgan narsamizning qadr-qiymatini o‘z joyiga qo‘ygan bo‘lamiz.

5. «Kim bir jabbordan qo‘rqib Uni tark qilsa, Alloh uning umurtqasini sindiradi». 

Yani, kim biror tomonning jabru-zulmidan qo‘rqib Quroni Karimni tark qilsa, Alloh taolo o‘sha Quronni tark qiluvchining umurtqa pog‘onasini sindirib, hech narsaga yaramay, qimirlay olmasdan yotadigan qilib qo‘yadi. Bu, albatta, majoziy manodagi gapdir. Biror jabbordan qo‘rqib Quronni tark qilganlarning bellaridagi umurtqa suyaklari sinib yotib qolmaydilar. Balki, ular bu dunyoyu u dunyo ishlarida ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlab, bellariga quvvat bo‘lgan omildan ajragan bo‘ladilar. Mayda-chuyda narsalarni gapirib o‘tirmasdan, ko‘z o‘ngimizdagi olamshumul miqyosdagi holatni olaylik. Quroni Karimga amal qilib butun dunyoga rahbarlik qilayotgan musulmon ummati asta-sekin Quron talimotlaridan uzoqlashish oqibatida o‘z mavqeini yo‘qotdi. Keyin esa turli jabborlardan, xususan, g‘arblik mustamlakachi jabborlardan qo‘rqib Quronni tark etdi. Shuning uchun Alloh taolo bu ummatni jinoyatiga munosib ravishda jazolab, umurtqa pog‘onasini sindirdi. Shundan buyon bu ummat osmonga qaraganicha ko‘zini mo‘ltiratib qimirlay olmay yotibdi. Bu ummatning soni ko‘p, boyliklari ko‘p, dunyoning eng qulay va eng boy yerlariga joylashgan, lekin boyliklarini boshqalar tashib ketmoqda. U esa hech narsa qila olmay yotibdi. Xo‘sh, bu og‘ir dardning davosi bormi? Islom ummati qandoq qilib o‘z umurtqa pog‘onasini qayta ishga tushira oladi? Javob bitta. Bularning hammasi Quron bilan tuzaladi. Shuning uchun, aziz tafsirxon, Quronni yaxshiroq o‘rganmog‘imiz lozim.


 

“Tafsiri Hilol” kitobi 

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf.