QURONNING INSONLARNI OJIZ QOLDIRIShI
Quron arab va boshqa xalqlardan o‘ziga o‘xshagan birorta kitobni yoki uning suralariga o‘xshash birorta surani keltirishni taklif qilganda, ularning barchasi bu ishdan ojiz qolishi haqiqatan ham Quron Allohning kalomi ekanligiga yorqin dalildir.
Quron tushishidan oldin va xususan, Quron tushayotgan paytda arablarda so‘z ustaligi, adabiyot, sher va vazxonlik nihoyatda yuqori darajada edi. Yil davomida ular bir necha sayl va marosimlar o‘tkazib turishar edi. Xususan, «Ukoz» degan joyda sher aytish va vazxonlik qilishda katta-katta musobaqalar o‘tkazilib, mashhur va ulkan shoirlar musobaqa qatnashchilariga baho qo‘yar edilar.
Arablarning bunday so‘z ustaligiga ikki sabab bor edi: ular qabila-qabila bo‘lib yashar edilar. Bunday hayot esa o‘zaro tortishuv, urush va faxrlanishlarga sabab bo‘ladi. Har bir qabila boshqa qabilalar oldida o‘zining hurmatini ko‘rsatish uchun o‘zining usta shoiri bo‘lishiga intilar edi. Shu bilan birga bu shoir boshqa qabilalarni hajv qilishi ham kerak edi. Shuning uchun ham ular shoirlik va so‘z ustaligiga katta ahamiyat berib, shoir va so‘z ustalarini nihoyatda qadrlar edilar.
Shunday bir paytda Quroni Karim o‘zining ajoyib uslubi, sehrli so‘zlari bilan paydo bo‘lib, iztirobda va tartibsiz hayot kechirayotgan Arabiston yarim orolidagi xalqlarning qalbiga yo‘l topdi.
Albatta, Quron o‘sha paytdagi shoirlar va so‘z ustalarining asarlaridan juda ham ustun turganligidan shunday muvaffaqiyatga sazovor bo‘ldi. Arablar ham Quron ularni ojiz qoldirganidan so‘ng hech narsa deya olmay qoldilar. Quronni eshitgan paytda arab so‘z ustalarining eng kattalari ham unga bosh egdilar. Quron qarshisida mashhur shoirlarning ham tili tutilib qoldi. Lekin kofirlarning boshliqlari yangi dinga kirishdan va Muhammad alayhissalomning Payg‘ambarligiga iymon keltirishdan bosh tortib, haqiqatga qarshi bo‘lmag‘ur narsalar bilan urush ochdilar. Ular Quronni sher, dedilar, avvalgi o‘tgan kishilarning afsonalari, deb ham ko‘rdilar. Muhammad alayhissalomni esa gohida jinni, desalar, gohida folbin, dedilar. Lekin ular bu bilan hech narsaga erisha olmadilar.
Arablarning odati bo‘yicha, bir-birlaridan so‘zda ustaligini isbot qilmoqchi bo‘lsalar, bir-birlarini tortishuvga chaqirar edilar. Shu odatga binoan Quron ham ularni o‘ziga o‘xshash bir narsa yoki suralardan biriga o‘xshash bir sura keltirishni talab qildi. Shunday talabning bo‘lishi va uning Quronda zikr qilinishidan maqsad, bunga asrlar davomida tarix guvoh bo‘lsin, arablar o‘zlari eng usta shoir va vazxon bo‘laturib Quron chaqirig‘i oldida ojiz qolganlari bardavom eslatib turilsin, deyishlik edi. Hatto zamonlar o‘tishi bilan biror-bir munofiq, buzg‘unchi chiqib, Quron arablarni ojiz qoldirgan emas, agar arablar xohlasa, Quronga o‘xshash kitobni tuza olar edilar, demasligi uchun shunday bo‘ldi.
Bu borada Quron o‘ziga xos yo‘l tutib, avvalo arablardan Quronga o‘xshash bir narsani ijod qilishni talab qildi. Alloh taolo Quroni Karimda shunday deydi:
«Ayt: «Agar gapingiz rost bo‘lsa, sizlar Allohning huzuridagi ikkisidan ham hidoyatliroq bir kitobni keltiringlar, men unga ergashay», Agar talabingga javob bermasalar, bilginki, ular havoyi nafsga ergashgan kishilar ekan. Allohning hidoyatini qo‘yib, havoyi nafsga ergashganlardan ham adashganroq kishi bormi?! Albatta, Alloh zalolatga yuruvchilarni hidoyat qilmaydir».
Mana shu oyatdagi talab, Qurondan bor-yo‘g‘i qirq yettita sura tushgan vaqtda bo‘lgan edi. Arablar Quronga o‘xshash kitobni qanday qilib tuzishni bilolmay hayratda qoldilar. Buning uchun ular juda ko‘p urindilar, lekin qo‘llaridan kelmadi, ojiz qoldilar. Shuning uchun ham Quronninng «Isro» surasida, ular bu ishni aslo bajara olmasliklari, balki barcha insonlar va barcha jinlar birgalashib harakat qilsalar ham, Quronga o‘xshash kitobni keltira olmasliklari takidlab o‘tilgan. Alloh taolo shunday deydi:
«Ayt: «Agar insu jinslar jam bo‘lib, bir-biriga yordam berib urinsalar ham, Quronga o‘xshash narsani keltira olmaydilar».
Shundan so‘ng, ikkinchi bosqichda, Quron ulardan o‘nta sura keltirishni talab qildi. Bu borada «Hud» surasida shunday deyiladi:
«Ular Quronni Payg‘ambar o‘zi tuzib olgan deydilarmi? Ayt: «Sizlar o‘nta to‘qima sura keltiringlar-chi bo‘lmasa. Va gapingiz rost bo‘lsa, Allohdan boshqa barchani yordamga chaqiring, bu ishda». Agar ular u talabga javob bermasalar, bilinglarki, bu Quron Allohning ilmi bilan tushgandir. Allohdan boshqa hech bir iloh yo‘q. Sizlar musulmon bo‘lasizlarmi?!»
Lekin iymonsizlarning barchasi ojiz qoldi. Bunga tarix hozirgi kunimizgacha guvohdir. Shuni aytib o‘tish kerakki, Alloh taolo ular Quronning suralariga o‘xshash o‘nta sura keltirishdan ojiz qolganliklarini Quronning ilohiy kitob ekanligiga va O‘zining yagonaligiga dalil qilib keltirdi.
Uchinchi bosqichda, Quron ulardan bitta sura keltirishni talab qildi. «Baqara» surasida Alloh taolo shunday deydi:
«Agar Biz O‘z bandamizga tushirgan narsamizda shak-shubhalaringiz bo‘lsa, agar gaplaringiz rost bo‘lsa, shunga o‘xshash bitta sura keltiringlar. Bu ishda o‘zingiz iymon keltirgan ilohlaringizni yordamga chaqiringlar. Agar buni qila olmasalar, albatta qila olmaydilar ham, yonilg‘isi odamlar va toshlardan iborat bo‘lgan do‘zaxning azobidan qo‘rqinglar. Bu do‘zax kofirlar uchun tayyorlab qo‘yilgandir».
Bunday gapni, yani unga o‘xshash narsani hech qachon keltira olmasliklari haqidagi hukmni hech inson ayta olmaydi. Chunki inson yer yuzida o‘zidan kuchli yoki o‘zi bilan teng kuchga ega shaxsning yo‘q ekanligini hech qachon bilmaydi. Shuning uchun ham yuqoridagi gapga o‘xshash gapni aytishga tili bormaydi. Lekin Alloh taolo hamma narsani bilguvchidir. U zot O‘z bandalarining Quronga o‘xshash narsani keltira olmasligini aniq bilgani uchun bu gapni aytgan va haqiqatan ham shunday bo‘lib chiqdi.
Mana, bir necha asr o‘tdi, avlodlar ketidan avlodlar keldi, qancha-qancha ulkan ulamolar, yozuvchilar, til ustalari, tanqidchilar, barchalari o‘z asarlarida Quronning mo‘jizakor ekanini va barcha insonlar unga o‘xshash narsa keltira olmasliklarini tan olishdan boshqa ilojlari bo‘lmadi.
Quron Muhammad alayhissalomning mo‘jizasidir. Har bir Payg‘ambarning o‘z ummati yaxshi biladigan biror hunar yoki shunga o‘xshash narsadan mo‘jizasi bo‘lgan.
Firavn qavmi matematika, tabiat va ayniqsa sehrga juda usta edi. Shuning uchun ham Alloh taolo ularga yuborgan Payg‘ambari Muso alayhissalomga bergan mo‘jizasini shularga mos qilib berdiki, avvalo ulamo va sehrgarlar Muso ko‘rsatayotgan narsa Alloh tarafidan berilgan ekanligiga iymon keltirdilar. U kishining hassalari ilonga aylanib, sehrgarlarning sehr qilgan narsalarini yutib yubordi.
Iyso Payg‘ambar kelganda esa kishilar orasida tabiat ilmi va tib rivojlangan bo‘lib, ular ruhiy narsalarni inkor qilar edilar. Shunda Alloh taolo Iyso alayhissalomga ko‘r bo‘lib tug‘ilganlarning ko‘zini ochish, tuzalmaydigan kasallarni tuzatish va o‘liklarni tiriltirish mo‘jizasini berdi.
Haqiqatni aytganda, avvalgi Payg‘ambarlarning mo‘jizalari vaqtinchalik mo‘jizalar edi. Payg‘ambar tiriklik vaqtida bu mo‘jizalar o‘z tasirini o‘tkazib turib, ular vafot etgandan so‘ng yo‘qqa chiqar edi. Shu bilan birga, bu mo‘jizalar o‘sha vaqtdagi kishilarning aqliga muvofiq bo‘lib kelar edi.
Aql rivojlanib, turli ilmlar egallanib, bu mo‘jizalarning tasiri bo‘lmay qolganligi sababli kishilarning diniy etiqodi ham sustlashar edi. Islom dinida esa, boshqa dinlarga qaraganda farqli ravishda, bu din haqiqatan Allohning dini ekanligiga mo‘jiza–hujjat qilib Quron keltirildi.
Bu kitob o‘zining hidoyati, qonun-qoidalari, uslubi va manolari bilan bashariyatni ojiz qoldirgan, qoldirib kelmoqda va shunday bo‘lib qoladi. Chunki Quron bashariyatning aqli taraqqiy etgan bir paytda shu taraqqiyotga mos bo‘lib tushdi. Har qanday sog‘lom fikrli kishi turli buzg‘unchi fikrlardan xoli bo‘lgan holda Quronni o‘rgansa, albatta u ilohiy mo‘jizakor kitob ekanligini tan olishi turgan gap. Quron Muhammad sollallohu alayhi vasallamning hayotdan o‘tganlaridan keyin ham mo‘jizakorlik holida turibdi va qiyomatgacha turaveradi.
“Tafsiri Hilol” kitobi
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf.