1448 йил 07 Жумодус соний | 2026 йил 17 ноябрь, Сешанба.
ЎЗ UZ RU EN AR

Намоз вақти: Қарши

Fajr
06:04
Sunrise
07:21
Dhuhr
12:22
Asr
15:42
Maghrib
17:22
Isha
18:39


Намозни тўлиқ адо этинг. Албатта, намоз мўминларга вақтида фарз қилингандир (Нисо сураси 103-оят)

Qur’onni yod olish fazilati

18-01-2020, 16:05 20 246 Ўқиш режими + -

 

Qur’onni yod olish fazilati

Qur’oni Karimni yod olish, uni qalbga jo qilishning hikmati va fazilati to‘g‘risidagi oyat va hadislar ko‘p vorid bo‘lgan.

Alloh taolo aytadi:
«Darhaqiqat, Biz Qur’onni zikr-eslatma olish uchun oson qilib qo‘ydik. Bas, biron eslatma-ibrat olguvchi bormi?» (Qamar, 17, 22, 40)
Ibn Abbos (roziyallohu anhu) Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam)dan rivoyat qiladilar:
Ya’ni «Ichida Qur’ondan biron narsa bo‘lmagan kishi (ning qalbi) go‘yo xaroba uy kabidir» (Termiziy rivoyati).
Jobir ibn Abdulloh (roziyallohu anhu) rivoyat qiladilar: «Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) Uhud jangida shahid bo‘lganlarning har ikkitasini bir qabrga qo‘ydirar, avval: «Bularning qay biri Qur’onni ko‘proq yod bilar edi?» deb so‘rar, so‘ng qaysi mayyitni ko‘rsatishsa, o‘shani lahadga oldin qo‘ydirar edilar» (Buxoriy rivoyati).   
Ibn Abbos (roziyallohu anhu)dan Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ning shunday deganlari rivoyat qilinadi:
«Ummatimning eng sharafli kishilari – Qur’onni ko‘taruvchilar va tun egalaridir» (Ibn Abu Dunyo va Bayhaqiy rivoyati).
Qur’onni ko‘taruvchilar Qur’onni yodlab, amal qiluvchi qorilardir.
Tun egalari kechasi tahajjud namozlarini o‘qib, tunning ma’lum qismini duo, zikr, istig‘for bilan o‘tkazuvchi kishilardir. 
Usmon ibn Affon (roziyallohu anhu) Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ning shunday deganlarini rivoyat qiladilar:
«Sizlarning yaxshilaringiz Qur’onni o‘rganib, so‘ng uni (boshqalarga) o‘rgatuvchilaringizdir» (Buxoriy rivoyati).
Demak, Qur’onni o‘rganish, ya’ni yod olish va uni o‘zgalarga ta’lim berish kishini bandalar orasidagi eng yaxshisi bo‘lishi uchun sabab bo‘lar ekan.
Abu Zarr G‘iforiy (roziyallohu anhu) rivoyat qiladilar: «Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar:
«Ey Abu Zarr, ertalab barvaqt turib, Allohning Kitobidan bir oyat o‘rganishing sen uchun yuz rak’at (nafl) namoz o‘qishingdan yaxshiroqdir. Va ertalab (barvaqt) turib, amal qilasanmi, yo‘qmi, ilmdan bir bob o‘rganishing sen uchun ming rak’at (nafl) namoz o‘qishingdan yaxshiroqdir» (Ibn Moja sanadini hasan, degan).
 Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) Qur’on sohiblari va Qur’onni ko‘taruvchilarni izzat-ikrom qilar, ularning mavqeini boshqalarnikidan ustun qo‘yar edilar. Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladilar: «Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) bir qancha kishilarni ma’lum joyga topshiriq bilan yubordilar. Avval, ularga Qur’onni o‘qitib ko‘rdilar, ya’ni  kim Qur’ondan qancha bilishini tekshirdilar. Kunlarning birida, sahobiylarning eng yoshi kichigining oldiga kelib: «Ey falonchi, senda nima bor (ya’ni  qaysi suralarni bilasan)?» deb so‘radilar. Shunda u javob berdi: «Men shu-shu va  Baqara  surasini bilaman». Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) yana so‘radilar: «Sen  Baqara  surasini bilasanmi?»  U: «Ha», deb javob berdi. Keyin u Zot shunday dedilar: «Bor, sen ularga amir (boshliq)san». Shunda ular orasidagi kattaroq yoshli bir kishi: «Allohga qasamki, meni  Baqara  surasini o‘rganishdan unga amal qila olmay qolishdan qo‘rqishim to‘sgan edi», dedi. So‘ngra Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) dedilar: «Qur’onni o‘rganinglar va uni o‘qinglar. Zero, Qur’on uni o‘rganuvchi va o‘quvchilar uchun xuddi mushku anbar solingan xalta kabidir, uning hidi hamma joyga tarqaladi (ya’ni  kim Qur’onni o‘rgansa va o‘qisa, uning odamlarga ko‘p manfaati yetadi)» (Imom Termiziy va Ibn Moja rivoyati).
Abu Hurayra (roziyallohu anhu) Payg‘ambarimiz Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ning shunday deganlarini rivoyat qiladilar:
«Qiyomat kunida Qur’on sohibi keladi va Qur’on deydi: «Ey Robbim, uni kiyintirgin (ya’ni  rahmatingga olgin)». Bas, unga izzat-ikrom toji kiydiriladi. So‘ngra yana deydi: «Ey Robbim, unga ziyoda qilgin». Bas, unga izzat-ikrom libosi kiydiriladi. So‘ngra yana shunday deydi: «Ey Robbim, undan rozi bo‘lgin». Bas, (Alloh) undan rozi bo‘ladi. So‘ng (Qur’on sohibiga) aytiladi: «O‘qi va ko‘tarilib boraver». Bas, (Alloh) har bir oyat uchun bir hasana (daraja) ziyoda qiladi» (Termiziy, Ibn Xuzayma va Hokim rivoyati).
Alloh taolo Qiyomat kuni nafaqat Qur’on sohibini ajr-savob bilan mukofotlaydi, balki Qur’onning barokatidan uning ota-onasi ham Alloh tarafidan bo‘ladigan rahmatga noil bo‘lishadi.
Burayda (roziyallohu anhu) Nabiy (sollallohu alayhi vasallam)dan rivoyat qiladilar:
«Kimki Qur’onni o‘qisa, uni o‘rgansa va unga amal qilsa, qiyomat kuni unga nurdan bo‘lgan bir toj kiydiriladi, (u tojning) ziyosi quyoshning ziyosi kabidir. Shuningdek, uning ota-onasiga  ham ikki kiyim kiydiriladi. Shunda ular: «Bu bizga nima sababdan kiydirildi», deyishadi. So‘ng aytiladi: «Farzandingizning Qur’onni yodlab, unga amal qilgani uchun shunday marhamatga sazovor bo‘ldingiz» (Hokim rivoyati, sanadi – sahih).
Ota-onalarning bunday ilohiy marhamatga erishishlariga sabab ular farzandlarini yoshligidan yaxshi tarbiyalab, foydali amallarga, jumladan, Qur’onni yod olishga undaganlar va bunga jiddiy ahamiyat berganlar. Bu yerda ota-onalar uchun farzandlarini yoshligidanoq Qur’onni yod olishga qiziqtirish va jalb etishga targ‘ib qilinmoqda.
Ibn Mas’ud (roziyallohu anhu) aytadilar: «Uylarning eng yomoni, unda Allohning Kitobidan biron narsa bo‘lmaganidir» (Hokim rivoyati). Ya’ni  biron xonadonda Qur’oni Karim tilovat qilib turilmasa, o‘sha uy eng yomon uylardan hisoblanadi. Chunki bunday uyni shayton o‘z makoniga aylantirib oladi. Bu yerda har bir kishi Qur’on o‘qishni o‘rganishi ta’kidlanmoqda. Chunki  musulmon kishining Qur’onsiz, uni tilovat qilmay, unda kelgan amr-buyruq va qaytariqlarni o‘rganmay yashashi durust emas.
Sahobalar davrida Qur’onni yod olish
Imom Buxoriy Qatoda (roziyallohu anhu)dan rivoyat qiladilar: «Men Anas ibn Molikdan: «Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) davrlarida kimlar Qur’onni o‘zida jamlagan edi», deb so‘radim. U aytdi: «To‘rt kishi Qur’onni o‘zida jamlagan edi. Ularning barchasi ansorlardir: Muoz ibn Jabal, Ubay ibn Ka’b, Zayd ibn Sobit va Abu Zayd».
Boshqa rivoyatda Anas ibn Molik (roziyallohu anhu) aytadilar: «Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) vafot etgan paytlarida faqat to‘rt kishi Qur’onni o‘zida jamlagan edi. Bular: Abu Dardo, Muoz ibn Jabal, Zayd ibn Sobit va Abu Zayd».
Shubhasiz, sahobalar davrida Qur’onni yodlaguvchilar soni hozirgiga nisbatan ko‘p bo‘lgan. Bu yerda faqatgina eng ko‘zga ko‘ringan va ishonchli qorilar zikr qilinmoqda. Shuningdek, sahobalar Qur’onni, uning hukmlarini o‘rganish bilan birga unga amal ham qilar edilar. Shu sabab Umar (roziyallohu anhu) shunday deganlar: «Oramizdan biron kishi  Baqara  va  Oli Imron  suralarini yodlasa, u bizning ko‘z o‘ngimizda sharafli hisoblanar edi».
Hazrati Umar (roziyallohu anhu) Baqara surasini o‘qib chiqsalar, Allohning ne’matiga shukrona tarzida bir tuya so‘yar edilar. 
Sahobalardan biri shunday rivoyat qiladi: «Agar  Baqara surasi xatm qilinsa, Biz uni o‘zgacha tarzda nishonlar edik. Ushbu surani o‘qib chiqishni «kichik xatm» deb atardik. Katta xatm esa  Qur’onni to‘liq o‘qib chiqishdir».
Abu Hurayra (roziyallohu anhu) Nabiy (sollallohu alayhi vasallam)dan rivoyat qiladilar:
«Uylaringizni qabristonga aylantirib qo‘ymanglar. Darhaqiqat, Baqara (surasi) o‘qiladigan uyga shayton kirmaydi» (Termiziy rivoyati).
Abu Umoma (roziyallohu anhu) aytadilar: Men Rasullulloh (sollallohu alayhi vasallam)ning shunday deganlarini eshitganman: «Baqara surasini o‘qinglar, zero uni olish – baraka, tark etish esa hasratdir. Unga sehrgarlar ta’sir qila olmaydi». Ya’ni  Baqara surasini o‘qib yurgan kishiga sehr-jodu ta’sir qilmaydi.
Ibn Mas’ud (roziyallohu anhu) shunday deganlar: «Ushbu Qur’on Allohning dasturxonidir. Kimki uni o‘rganishga qodir bo‘lsa, uni o‘rgansin. Allohning Kitobidan biror narsa bo‘lmagan uy baraka va yaxshiliklardan uzoqdir. Allohning kitobidan biror narsa bo‘lmagan uy go‘yo xaroba kabidir. Uni ta’mirlovchi biror narsa bo‘lmas! (Uning yolg‘iz chorasi – Qur’onni o‘rganish va uni tilovat qilishdir). Baqara surasi tilovat qilinadigan uydan shayton chiqib ketadi» (Imom Tabaroniy rivoyati).
Ibn Mas’ud (roziyallohu anhu) aytadilar: «Har bir narsaning sanomi bo‘ladi. Qur’onning sanomi – Baqara surasidir» (Hokim rivoyati).
«Sanom» so‘zi arabcha bo‘lib, eng yuqori cho‘qqi, eng fazilatli o‘rin kabi ma’nolarni anglatadi. Qur’onning sanomi deyilganda Qur’ondagi eng ulug‘ va fazilatli sura ma’nosi tushuniladi.
  Yuqoridagilardan ma’lum bo‘ladiki, sahobalar Qur’onni yod olish bilan cheklanmay, unga amal qilishda ham jiddu jahd ko‘rsatganlar. O‘z o‘rnida biz ham ularga ergashishimiz va ularning hayotlaridan o‘rnak olishimiz lozim.

Manba Qur’on uz