1448 йил 07 Жумодус соний | 2026 йил 17 ноябрь, Сешанба.
ЎЗ UZ RU EN AR

Намоз вақти: Қарши

Fajr
06:04
Sunrise
07:21
Dhuhr
12:22
Asr
15:42
Maghrib
17:22
Isha
18:39


Намозни тўлиқ адо этинг. Албатта, намоз мўминларга вақтида фарз қилингандир (Нисо сураси 103-оят)

Qur’on qiroat qilish, uni o‘rgatish va u bilan davolash evaziga haq olish

18-01-2020, 16:27 6 085 Ўқиш режими + -

 

Qur’on qiroat qilish, uni o‘rgatish va u bilan davolash evaziga haq olish


1. Qur’on qiroat qilish va uni o‘rgatishga haq olish:
Qur’on o‘rgatish farzi kifoyadir. Qur’onni yoddan, mutavotir holda naql qilish uzilib qolmasligi, unga o‘zgartirish va buzish kirmasligi uchun uni yodlash esa butun ummatga vojibdir.
 
Buxoriy Usmon (roziyallohu anhu)dan qilgan rivoyatida:
«Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): «Eng yaxshingiz – Qur’onni o‘rgangan va uni o‘rgatgan kishidir», deganlar.
Qur’onni qiroat qilish va o‘rgatish uchun haq olish borasida fuqaholarning qarashlari turlichadir.
Jumhur ulamolar, jumladan, imom Molik va Shofeiylar bu ish uchun haq olish joiz, deyishgan. Ular bunga dalil sifatida quyidagi hadisni keltirishadi:
Ibn Abbos (roziyallohu anhumo)dan rivoyat qilinadi:
«Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): «Evaziga haq oladigan narsalaringizning eng haqlisi Allohning Kitobidir», dedilar».
Buxoriy rivoyat qilgan
Buni Buxoriy va boshqalar qilgan quyidagi yana bir rivoyat ham qo‘llab-quvvatlaydi. Unda Nabiy (alayhissalom) kishining ayoliga o‘rgatgan Qur’onni mahr o‘rniga qo‘yib, «Yodlagan Qur’oning evaziga seni unga uylantirdik», deganlar».
Hanafiy mazhabi ulamolari esa Qur’on qiroati va ta’limi uchun haq olish harom, deyishgan. Ular bunga dalil sifatida Abu Dovud Uboda ibn Somitning shunday deganini keltirishgan: «Suffa ahlidan bir qancha odamga yozish va Qur’onni o‘rgatdim. Ulardan biri menga kamon hadya qildi. «Mening hech qanday molim yo‘q edi, endi bu bilan Alloh yo‘lida o‘q otaman», dedim. Keyin borib: «Ey Allohning Rasuli, yozish va Qur’onni o‘rgatib yurganlarimdan biri menga kamon hadya qildi. Mening molim yo‘q edi. U bilan Allohning yo‘lida o‘q otsam bo‘ladimi?» dedim. Shunda u Zot: «Olovdan bo‘lgan bo‘yinbog‘ing bo‘lishini xohlasang, uni olaver», dedilar».
Shuningdek, imom Ahmad va Bazzorlar qilgan rivoyatda «Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): «Qur’on o‘qinglar. Unda haddan ham oshmanglar, uzoqlashib ham ketmanglar, uni tirikchilik vositasi ham qilib olmanglar», deganlar».
Alloma Ibn Obidinning hoshiyasida («Roddul muhtor ‘ala durril muxtor»da) shunday deyilgan: «(Hanafiy) mazhabga ko‘ra, toat-ibodatlarda birovni ijaraga olish joiz emas, chunki musulmon kishi o‘zi bajarishi kerak bo‘lgan toat-ibodatlar uchun boshqa birovni ijaraga olib bo‘lmaydi. Buning sababi shuki, banda qilishi kerak bo‘lgan har bir ibodat uning o‘zidangina qabul qilinadi, boshqalardan emas. Agar u o‘sha ibodatni bajarishga haqli bo‘lmasa, undan qabul qilinmaydi. Shuning uchun buning evaziga boshqadan haq olish joiz emas».
Lekin mutaaxxir hanafiy ulamolar ayrim toat-ibodatlar uchun zarurat yuzasidan haq olsa bo‘ladi, deyishgan. (Masalan, qorilar tirikchilikka mashg‘ul bo‘lib ketsa) Qur’onning zoe bo‘lish xavfi borligi uchun uni o‘rgatish uchun haq olish joiz, deyishgan. Shuningdek, odamlar diniy ahkomlar borasida johil bo‘lib qolmasligi uchun fiqh va boshqa shar’iy ilmlar uchun ham haq olish joiz, deyishgan. Yana azon, imomgarchilik, xatiblik, dars berish va voizlik uchun ham haq olsa bo‘ladi, deyilgan. Ammo qabristonlarda, to‘y va azalarda Qur’on o‘qish uchun odam yollab bo‘lmaydi, chunki bunga zarurat yo‘q.
Mo‘minning qalbi taskin topadigan ish – Qur’on qiroatini kasb yoki tilanchilik vositasiga aylantirib olmaslikdir. Ayrim to‘y va azalardagi kabi Qur’onni xushu’siz, ma’nolarini tadabbur qilmay o‘qimaslik kerak. Odamlar Qur’onning ma’nolarini tadabbur qilmay yoki fahmlamay, «oh-oh» deb, qorining ovozidan zavqlanishlari shak-shubhasiz haromdir.* Bu holatga indamay turish ham joiz emas.
* Masalan, azob oyatlari o‘qilayotgan bo‘lsa, buning ma’nosini tushunmay, ohangiga rom bo‘lib, musiqadan lazzatlangandek lazzatlanish mumkin emas. Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) rahmat oyatlarini o‘qisalar, Allohdan rahmat so‘rardilar, azob oyatlarini o‘qisalar, bu azoblardan Allohdan panoh so‘rardilar.
2. Qur’on bilan davolash:
Qur’on bilan davolash (ruqya qilish) – kasalga shifo topish maqsadida Qur’on o‘qib dam solish joizdir. Buning evaziga haq olish ham joiz.
Buxoriy va boshqa imomlar Oisha (roziyallohu anho)dan rivoyat qilishadi:
«Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) biror kishi xasta bo‘lib qolsa, mu’avvizotlar* bilan dam solardilar».
Boshqa bir rivoyatda: «Kasal bo‘lib qolsalar, mu’avvizotlarni o‘qib o‘zlariga dam solardilar. Vafot topgan kasalliklarida xasta bo‘lib yotganlarida u Zotga o‘zim dam solardim, o‘z qo‘llari bilan o‘zlarini silardim, chunki (qo‘llari) qo‘limdan ko‘ra barakotliroq edi».
* Falaq va Naas suralari.
Buxoriy, Muslim va boshqalar Abu Said Xudriy (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilishadi:
«Yurishlardan birida (bir joyda dam olgani) tushdik. Bir joriya kelib, «Qabilamiz boshlig‘ini chayon chaqib oldi. Erkaklarimiz yo‘q. Ichingizda dam soladigan odam bormi?» dedi. Bir kishi turib, u bilan birga ketdi. Biz uning dam solishini bilmas edik. U dam solgan edi, (qabila boshlig‘i) tuzalib qolib, unga o‘ttizta qo‘y (berishni) buyurdi, bizlarga sut ulashdi. U qaytgach, «Dam solishni yaxshi bilasanmi? [yoki «Dam solib yurarmiding?»] dedik. U: «Yo‘q, Ummul‑kitob* bilan dam soldim, xolos», dedi. «Nabiy (sollallohu alayhi vasallam)ga borgunimizcha [yoki so‘ragunimizcha] hech nima qilmay turinglar», dedik. Madinaga kelgach, buni Nabiy (solllallohu alayhi vasallam)ga aytdik. U Zot: «Uning ruqya ekanini qaerdan bilibdi? (Qo‘ylarni) taqsimlanglar, menga ham ulush ajratinglar», dedilar».
* Ruqya – turli yomonliklardan panoh so‘rab, shuningdek, og‘riq, qo‘rqinch, shayton va sehrdan tuzalishni so‘rab o‘qiladigan zikrlar. Bularni o‘qib dam solish ham ruqya deyiladi.
* Ummul-kitob – Fotiha surasi.
Shofeiy va boshqalar ushbu hadisni dalil qilib, yuqorida aytilganidek, Qur’on qiroati evaziga haq olish joiz deyishgan. Ularning nazdida ta’lim uchun qiroat qilish bilan davo uchun qiroat qilishning farqi yo‘q.
Biroq, hanafiy mazhabi ulamolari ushbu hadisga javoban shunday deyishgan: «Ruqya tilovatning o‘zi emas, undan maqsad davolash. Davolash uchun esa haq olish joizdir».
  

Muhammad Ali Muhammad Yusuf tayyorladi

Manba: Quron.uz