1448 йил 07 Жумодус соний | 2026 йил 17 ноябрь, Сешанба.
ЎЗ UZ RU EN AR

Намоз вақти: Қарши

Fajr
06:04
Sunrise
07:21
Dhuhr
12:22
Asr
15:42
Maghrib
17:22
Isha
18:39


Намозни тўлиқ адо этинг. Албатта, намоз мўминларга вақтида фарз қилингандир (Нисо сураси 103-оят)

Qur’on atlasi

18-01-2020, 16:39 1 062 Ўқиш режими + -

Qur’on atlasi

Bandalariga O‘zining kalomi Qur’oni Karimni nozil qilib, u orqali insoniyatga ilm bergan Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin!
Qur’oni Karimni Allo azza va jalladan qabul qilib, bekamu-ko‘st o‘z ummatlariga yetkazgan, bayon qilib bergan Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga durudu salovatlar bo‘lsin!
 
Alloh taoloning kalomi Qur’oni Karim, hech shubhasiz, borliqdagi eng ishonchli kitobdir. Undagi xabarlar va ma’lumotlar barchasi to‘la haqiqat ekanida ham shak-shubha yo‘q. Bu haqiqatni insoniy bilimlar ham kundan kunga tasdiqlab borayotgani barchaga ayon.
Imom Termiziy Aliy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Ogoh bo‘lingizkim, albatta, fitna bo‘lur!» deyayotganlarini eshitdim.
Shunda: «Undan chiqish yo‘li nima, ey Allohning Rasuli?» dedim.
«Allohning Kitobi. Unda sizdan oldin bo‘lgan narsalarning ma’lumotlari va sizdan keyingi narsalarning xabari va sizning orangizdagi narsalarning hukmi bor. U ajrim qiluvchidir, hazil emasdir...», dedilar».
Darhaqiqat, Qur’oni Karimda shar’iy ahkomlar, pand-nasihatlar bilan bir qatorda, ularga xizmat qiluvchi tarixiy ma’lumotlar ham aks etgan. Unda insoniyat otasi Odam alayhissalomdan tortib Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamgacha bo‘lgan ko‘plab Payg‘ambarlar, turli qavmlar, xalqlar va ular yashagan joylar zikr qilingan. Ulamolarimiz ular haqida o‘z tafsirlarida talaygina ma’lumotlarni ham qo‘shimcha qilganlar va ularga qaysidir darjada aniqlik kiritishga harakat qilganlar. Ayrim tadqiqotchi omilar tomonidan bu mavzuga bag‘ishlab alohida kitoblar ham bitilgan. Jumladan, vatandoshimiz imom Zamaxshariyning «Al-Jibal va-lamakina val-miyah» («Tog‘lar, joylar va suvlar») kitobi, Yahyo Abdulloh Muallimiyning «Al-A’lam fil-Qur’an al-karim» («Qur’oni Karimdagi atoqli otlar») asari ana shunday manbalardan hisoblanadi.
Joriy asrga kelib ushbu harakat yangi bir bosqichga ko‘tarildi. Qur’oni Karimda keltirilgan shaxs va qavmlar istiqomat qilgan mintaqalar va nomi zikr qilingan joylarning xaritasini taqdim etish yo‘lga qo‘yildi. Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, bu borada ilk qadam qo‘ygan tadqiqotchi Suriyalik tarixchi olim doktor Shavqiy Abu Xalil janoblari bo‘ldi. Uning bu mavzudagi «Qur’on atlasi» nomli kitobi bir necha tillarga tarjima ham qilindi, ko‘pchilik unday yaxshi manfaat oldi.
Bugungi kunda xalqimiz qo‘ldan kelganicha o‘zligini tanib, dinini o‘rganib, xususan, Qur’oni Karimning ma’no tarjimalari bilan tanishib borar ekan, ularning e’tiborlariga Qur’oni Karimda zikr qilingan joylar, qavmlar va atoqli shaxslarga bag‘ishlangan xarita taqdim qilish vaqti ham kelgani ayon bo‘lib qoldi. Chunki, Qur’onda bayoni kelgan joy, qavm va shaxslar haqidagi ma’lumotlar afsonaviy hikoyalar emas, balki hayotiy, voqeiy haqiqatdir. Mazkur shaxs va qavmlarning yashagan zamonlari va makonlari haqidagi ma’lumotlar ular haqidagi tasavvurlarimizni kengayishiga, qat’iylashishiga, ularni o‘rganishning osonlashishiga xizmat qilishi muqarrar. Shu bois, Alloh taolodan yordam va tavfiq so‘ragan holda Qur’oni Karimda zikr qilingan joylar, aytilgan qavm va shaxslar yashagan mintaqalarning xaritasini tuzishga qaror qildik.
Ushbu taqdim etilayotgan ma’lumotlarni tayyorlashda doktor Shavqiy Abu Xalilning mazkur kitobini asos qilib olindi va o‘zimiz berishni lozim deb bilgan ayrim ma’lumotlarni qo‘shimcha qilindi. Bunda asosiy maqsad xarita taqdim etish bo‘lgani bois, Payg‘ambarlar va boshqalar haqida qissalar keltirib o‘tirilmadi. Faqat mavzuga doir ayrim oyatlarni taqdim etish bilan kifoyalanildi. Shu bilan birga, kerak bo‘lganda mazuga doir oyatlar jadvali ham berib borildi. Dengizlar, katta shaharlar bugungi kundagi holatiga ko‘ra ko‘rsatildi. Ammo tarixiy joylar eski nomlari bilan berildi. Ayrim joy nomlarini aniqlashda tuli manbalarga murojaat qilindi.
  Ushbu ishimizda biror yaxshilik topsangiz, Allohdan, kamchilik bo‘lsa, tuzuvchilardan deb bilgaysiz.

Manba: Quron.uz