1448 йил 07 Жумодус соний | 2026 йил 17 ноябрь, Сешанба.
ЎЗ UZ RU EN AR

Намоз вақти: Қарши

Fajr
06:04
Sunrise
07:21
Dhuhr
12:22
Asr
15:42
Maghrib
17:22
Isha
18:39


Намозни тўлиқ адо этинг. Албатта, намоз мўминларга вақтида фарз қилингандир (Нисо сураси 103-оят)

Tajvid ilmi imomi

18-01-2020, 16:41 3 940 Ўқиш режими + -

 

Tajvid ilmi imomi


Qiroat va tajvid ilmi eng muhim ilmlardan hisoblanadi. Chunki  Qur’on Alloh taoloning Kalomi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nozil qilingan eng oxirgi ilohiy kitobdir. Shunday ekan Qur’onni har bir musulmon kishi bexato va tajvid qoidalariga rioya qilgan holda o‘qishi lozim.
Tajvid ilmining tarixi, u haqda yozilgan kitoblar, tajvid ilmida ijod qilgan ulamolar haqida juda ham ko‘p risolalar yozilgan, kitoblar nashr qilingan. Yurtimizda ham bu ilm anchagina rivojlanib bormoqda. Ustozlarimiz tomonidan tajvid va qiroat ilmiga doir kitoblar chop etilmoqda. Bu kitoblarni o‘qigan yurtdoshlarimizda esa tajvid ilmi, uning naqadar muhim ilmlardan ekanligi xususida yetarlicha tushuncha shakllanib ulgurdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan keyin sahobalar ichida Qur’onni xuddi u zotga nozil qilinganidek o‘qiydigan qorilar talaygina edi. Ular o‘z bilimlarini tobeinlarga, tobeinlar esa o‘zlaridan keyingilarga meros qoldirishdi. Qur’onni bizgacha hech qanday o‘zgarishsiz, ilk nozil bo‘lgan paytdagi kabi yetib kelishida ana shu zotlarning xizmatlari beqiyosdir.
Shunday ulamolardan biri zabardast olim, tajvid ilmining yetuk namoyondasi, hofiz, muhaddis, faqih  Muhammad ibn Jazariy rahmatullohi alayhdir.
U zotning to‘liq ismi Abul Xayr Muhammad ibn Muhammad ibn Muhammad  ibn Ali ibn Yusuf Jazariydir. Jazariy nisbati u kishining yashagan joylariga emas, balki ota-bobolariga tegishli bo‘lib, Turkiyaning janubi-sharqidagi (Dajla daryosining bo‘yida joylashgan) Ibn Umar yarim oroliga nisbatan shunday atalgan.
Imom Jazariy hijriy 751 yil Ramazon oyining 25-kuni, shanba kechasida dunyoga keldilar (milodiy 1350 yil 30 noyabr).
Ulamolar bu zotning tug‘ilishlaridagi ajib bir qissani rivoyat qilishgan: "Imom Jazariyning otaci farzand ko‘ra olmaydigan bo‘lganlar. U kishi 750 hijriy yilda Haj ibodatini ado qilish asnosida Zam-Zam suvidan ichib, Allohdan solih farzand ato etishini so‘rab duo qiladilar. Alloh u kishining duolarini ijobat qildi va oradan  bir yil o‘tib, Ramazon oyida Imom Jazariy dunyoga keldilar".
Imom Jazariy Damashq shahrida voyaga yetdilar. 13 yoshga yetganda Qur’oni karimni to‘liq yod oldilar. 14 yoshga yetgach, Taroveh namozlarida ham Qur’onni xatm qildilar. 17 yoshga yetganda barcha qiroatlarni o‘zlashtirib, ustozlariga o‘qib berdilar.
Imom Jazariy hayotlari davomida bir necha marotaba haj qilganlar. Misrga ko‘p marotaba ilm talabida safar qilib, u yerdagi ko‘plab qiroat shayxlaridan tahsil olganlar.
Imom Jazariy faqatgina tajvid ilmida emas, balki ilmning deyarli barcha sohalarida yetuk ulamolardan bo‘lganlar. Hadis va fiqh ilmida bir necha shayxlardan ijozalar olganlar. Xususan, u kishiga hijriy 774 yilda Ibn Kasir rahmatullohi alayh fatvo berishga ijoza berganlar. Hadis yo‘nalishida esa Dimyotiyning shogirdlaridan va Abarquhiy hamda Ibn Buxoriydan tahsil olganlar. Bundan tashqari, tafsir, usulul fiqh, aqoid, balog‘at va lug‘at kabi ilmlarda ham qalam tebratib, bir necha asarlar yozganlar.
Imom Jazariy Damashqdagi “Qubbatun-nasr” ilm dargohida talabalarga Qur’ondan ta’lim berdilar. Keyinchalik faoliyatini bir necha yil o‘zlari tashkil qilgan “Dor ul-Qur’an”da davom ettirdilar.
Shuningdek, Qur’ondan ta’lim berishni Turkiyada ham davom ettiradilar. O‘sha paytlarda turk yerlari rahnamosi bo‘lgan Sulton Boyazid Imom Jazariyga hurmat va ehtirom ko‘rsatadi.
U zotning Turkiyaga kelishlarida ham ibrat olsa arziydigan voqea sodir bo‘lgan. Imom Jazariy Haj amalini ado etayotgan paytlarida bir kishi kelib: “Men Bursa (Turkiya) shahridanman. Bursada Qur’on hofizlari juda ham ko‘p. Ularning orzulari esa – bittagina. U ham bo‘lsa sizdek ulug‘ shayxdan Qur’onni o‘qib, o‘tkazib olish. Lekin ularning bu yerga (Jiddaga) kelib, siz bilan uchrashish uchun hech qanday imkoniyatlari yo‘q”, dedi. Shunda Imom Jazariy bunday javob qildilar: “Agar ular kela olishmasa, men ularning oldiga boraman”. Haj amalini  ado qilib bo‘lgach, uzoq va mashaqqatli safarga otlandilar.
Bu davrda Sulton Boyazid va Amir Temur o‘rtasida janglar bo‘layotgan edi. Amir Temur Boyazid ustidan zafar quchadi va o‘sha diyorlardagi ko‘plab ulamolarni o‘z yurtiga, Movarounnahrga olib keladi. Ana shunday ulamolar ichida Imom Jazariy ham bor edilar. Hijriy 805 yildan boshlab Movarounnahrda ham talabalarga Qur’on va boshqa fanlardan ta’lim bera boshladilar.
Hayotlari davomida 20 dan ortiq shayxlardan ta’lim oldilar. O‘z navbatida o‘zi ham bir necha ulamolarga ustozlik qildilar. “Al-luali az-zahabiyya” kitobida Imom Jazariyning 10 dan ortiq shogirdlarining ismlari zikr qilingan.
Imom Jazariy faqatgina tajvid sohasida 10 dan ziyod asarlar yozdilar. Ulardan eng mashhurlari “Muqaddimat ul-jazariyya”, “Tahbir ut-taysiyr fi qiroatil a’shr”, “An-nashr fi qiroatil a’shr”, “G‘oyat un-nihaya fi tobaqot il-qurro”.
 Ko‘plab qiroat imomlarining ustozi sanalgan Muhammad ibn Jazariy hijriy 833 yil, Rabi’ul avval oyining 5-kuni, juma tongida vafot etdilar va Damashqdagi o‘zlari tashkil qilgan “Dor ul-Qur’on”ga dafn etildilar.

Saydullo Tohirov

Manba: Quron.uz