Qur’on tartili
بِسۡمِ اللَّهِ الرَّحۡمَٰنِ الرَّحِيمِ.
الْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي أَنْزَلَ عَلَى عَبْدِهِ الْكِتَابَ وَلَمْ يَجْعَلْ لَهُ عِوَجًا، وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى سَيِّدِنَا مُحَمَّدٍ المصطفى وعلى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ ومن والاه.
Bandasiga kitob nozil etgan va unda hech bir egrilik aylamagan Allohga hamdu sanolar bo‘lsin! Sayyidimiz Muhammad Mustafoga va u Zotning olu as’hoblariga, u Zotni do‘st tutganlarga salotu salomlar bo‘lsin!
Assalomu alaykum, aziz Qur’on muxlislari!
Avvalo Qur’on o‘qishni o‘rganishdek ulug‘ va muborak amalga bel bog‘laganingiz bilan sizni muborakbod etishga ijozat bergaysiz.
Har bir musulmon inson, Qur’onni muqaddas kitobim deb bilgan har bir shaxs bu ilohiy kalomni o‘qish, go‘zal tarzda tilovat qilish orzusida va mana shu maqsadda bo‘lishi tabiiy hol. Darhaqiqat, Allohning kalomini o‘qish, uni o‘rganish inson zoti uchun sharaf va nurdir. Qur’on o‘qish Alloh bilan roz aytishish, U Zotning xitobini tinglash demakdir. Qur’on o‘qish ruhga ozuqa bo‘ladi, qalbni musaffo qiladi, tafakkurni charxlaydi va boshqa fazilatlar baxsh etadi. Ushbu haqiqatni yaxshi anglagan buyuk ajdodlarimiz barcha ilmlardan oldin Qur’on o‘qishni o‘rganganlar, uni yod olganlar. Ko‘plari Qur’onni to‘la hifz etib, keyin boshqa ilmlarni o‘rganishga kirishganlar. Imom Buxoriy, imom Termiziy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Hazrat Mir Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqa allomalarimizning qaysi birini olmang, barcha ilmlardan oldin Qur’on o‘qishni o‘rganishgan va uni yod olishgan. Ushbu ma’naviy asos ularning ilm-fan cho‘qqilarini zabt etishlarida, barcha yutuqlarida asosiy ma’naviy omil bo‘lib xizmat qilgan.
Bugun ham aziz xalqimizning Qur’onga bo‘lgan muhabbati, ishtiyoqi juda ham baland. Ular Qur’on o‘qishni o‘rganishni va farzandlariga o‘rgatishni juda-juda istaydilar. Avlodim ortimdan tilovat qilib, haqqimga duo qiladigan bo‘lsaydi, deb orzu qiladilar. Allohga shukrki, bugun bu ma’noda juda ko‘p imkoniyatlar bor. Yurtimizdagi diniy erkinlik soyasida juda ham xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Ammo qo‘llanmalar yetishmasligi yoki qulay emasligi va boshqa shu kabi holatlar ham borki, ko‘pchilikning mazkur go‘zal maqsadlarga erishishlarida biroz qiyinchiliklarga sabab bo‘lmoqda. Shu e’tibordan, xalqimizga ushbu jabhada xizmat ko‘rsatish, ularning ilm olish yo‘lidagi ehtiyojlarini qondirishda ko‘maklashish maqsadida ijtimoiy tarmoqda maxsus darslik taqdim etishga qaror qilindi.
Darslik boshlang‘ich Qur’on ta’limida barcha o‘quvchilar uchun eng qulay qo‘llanma bo‘lgan «Muallimi Soniy» kitobi asosida va ko‘p yillik tajribalar yordamida tayyorlangan bo‘lib, imkon qadar bugungi o‘quvchilar uchun qulay va samarali shaklda tuzildi. Unda Qur’on harflari va nutq tovushlari bilan ancha batafsil tanishtiriladi. Nutq tovushlarining maxrajlari ‒ hosil bo‘lish o‘rinlari suratlar yordamida tushuntiriladi. Barcha bayon va mashqlar muallif tarafidan o‘qib, izohlab beriladi.
Maxrajlarning suratlari va bu boradagi boshqa ma’lumotlarni berishda zamonamizning qiroat ilmidagi eng ulug‘ ustozlaridan doktor Ayman Rushdiy Suvayd hafizahullohning tajvidga doir asarlari asos qilib olindi. Shuningdek, ustozlardan o‘rganganlarimiz, buyuk qiroat imomlarimiz, ulamolarimizning kitoblari, xususan, Sohibqiron Amir Temurning tashabbusi bilan Samarqand va Shahrisabzda xalqimizga Qur’on ta’lim bergan ulug‘ olim Muhammad ibn Jazariy rahmatullohi alayhnig tajvid kitoblaridan foydalanildi.
Qo‘llanmada, asosan, voyaga yetgan va hali Qur’on yozuvini o‘qishni o‘zlashtirmagan kishilar ko‘zda tutilgan bo‘lsa-da, ulardan boshqalar ham bu yerdagi ma’lumotlardan juda ko‘p istefoda etishlari mumkin. Ilmiy tilni tushunmagan o‘rganuvchilarga kattalar biroz izohlab bersalar kifoya, mashqlarning o‘zi savod chiqarishga yetarli. Harf taniganlar esa bu yerdagi tajvid ilmiga doir ma’lumotlar bilan Qur’on o‘qish borasidagi malakalarini oshirib olishlari mumkin.
Ramazon oyi yaqinlashar ekan, Qur’on ustozlari va qorilari bu oy uchun tayyorgarlikni boshlaydilar. Ustozlar shogirdlarni xatmga tayyorlashadi, Qur’ondan vazifalarini ko‘paytirishadi. Biz ham yaqinlashib kelayotgan muborak oyni munosib kutib olish uchun ushbu darslikni ayni shu damda taqdim etmoqdamiz. Darslikning Qur’on o‘qishga tushirish bosqichini Ramazon oyi kirib kelishiga moslamoqchimiz. Demoqchimizki, ushbu darslik orqali biz bilan hamroh bo‘lsangiz, inshaalloh, bu yilgi Ramazon oyidan boshlab Qur’oni Karimni arab alifbosida o‘qish sharafiga muvaffaq bo‘lasiz.
Shuni ham ta’kidlamoqchimizki, qo‘llanma haqida, uni yana ham qulay va sifatli bo‘lishiga xizmat qiladigan o‘rinli fikr-mulohazalar bo‘lsa, bizga ma’lum qilinsa, Alloh nasib qilsa, kelgusi nashrlarda inobatga olinadi.
Ushbu darslikning bir qismi bundan bir necha yil oldin «Qur’an.uz» saytida berilgan va ko‘pchilikka manzur bo‘lgan edi. Ushanda ustozimiz, xalqimizning ulug‘ murabbiysi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahmatullohi alayhdan taqriz, so‘zboshi olgan edik. Hozir esdalik va tabarruk yuzasidan o‘sha taqdimni e’tiboringizga havola qilamiz. Keyin darslikni o‘rganishga kirishamiz. Alloh O‘zi manfaatli aylasin!
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
Manba: Qur’on.uz