Shayx Muhammad Ali ibn Shayx Jamil Sobuniy hazratlari 1930-melodiy sana Suriyaning ilm va ulamolari bilan mashhur bo‘lmish shahri Halabda, dindor, olim oilasida dunyoga keldilar. Otalari ham Halab shahrining buyuk olimlaridan edilar.
Shayx hazratlari arabiy ilmlar, faroiz va diniy ilmlarni otalaridan ta’lim oldilar. Qur’oni karimni esa maktabda yod olishni boshlab, sanaviy bosqichda to‘la yod olib bitirdilar. Shayx janoblarini aqllarini tanishlari bilanoq Suriyaning katta olimlaridan saboq olib, ilmga muhabbat ruhida ulg‘aydilar.
Eng ko‘zga ko‘ringan ustozlaridan:
1) Fazilatli shayx Muhammad Najib Siroj
2) Fazilatli shayx Ahmad ash-Shammo’
3) Fazilatli shayx Muhammad Said Idlabiy
4) Fazilatli shayx Rog‘ib at-Tabbox
5) Fazilatli shayx Muhammad Najib Xiyota (Qorilar shayxi)
Bulardan tashqari ba’zi ustozlarning masjidi va uyiga ham qatnab, dars olardilar.
Shayx Muhammad Ali Sobuniy janoblari tartibli darsni hukumat maktablaridan boshladilar. Boshlang‘ich maktabning diplomini qo‘lga kiritgach, “E’dodiyya” bosqichiga, undan keyin tijoratga ixtisoslashgan “Sanaviyya” bosqichiga o‘qishga kirdilar. Mazkur bosqichda bir yil o‘qigach, u yerda sudxo‘rlikka yo‘naltirilgan bank muomalalarini o‘rgatgani uchun u yerni tark qilib, shar’iy sanaviyya bosqichiga o‘tdilar. U Halab shahridagi Xusraviyya nomli o‘qish dargohi edi. U yer maorif vazirligiga qarashli bo‘lib, darslar ikki tomonlama o‘rgatilar edi. Ya’ni shar’iy ilmlar va kavniy (koinotga taalluqli) ilmlar edi. Shar’iy moddalardan tafsir, hadis, fiqh, usul, faroiz va bunga qo‘shimcha rivishda ximiya, fizika, algebra, geometriya, tarix, geografiya va ingliz tillari ham o‘rgatilar edi. 1949-yili mazkur shar’iy sanaviy bosqichini bitirdilar.
Sanaviy bosqichni a’lo bahoga bitirganlaridan keyin Suriya vaqf vazirligi o‘z hisobidan Qohiradagi Azhari sharif universitetiga o‘qishga jo‘natdi. 1952-yili oliy baholar bilan shariat fakulteti diplomini qo‘lga kiritdilar.
1954-yili mutaxassislik o‘qishini tamomlab, Azhari sharifning “Xalqaro shar’iy sud mutuxassisligi” diplomini oliy baholar bilan qo‘lga kiritdilar. Bu diplom o‘sha paytlardagi eng oliy diplom hisoblangan. U hozirgi paytdagi doktorlik diplomi bilan barobar turgan. Misrda o‘qishni tamomlagach, vatanlari Suriyaga qaytib keldilar. 1955-yildan 1962-yilgacha sakkiz yil mobaynida, Halabdagi sanaviy maktabida “Islomiy madaniyat” moddasidan dars berdilar.
Shayx janoblarini Suriyaning ta’lim vazirligi tomonidan Saudiya arab mamlakatiga shartnoma asosida Maakai mukarramadagi universitetning tarbiya, Islomiy fanlar, shariat fakultetiga dars berish uchun yuborildi. Shayx janoblari yuborilganlarga boshliq bo‘lib bordilar. O‘sha yerda 28 yilga yaqin dars berdilar. Bu uzoq muddatda qo‘llaridan universitetning hozirdagi katta ustozlari ham bitirib chiqishdi.
Bu kishidagi ilmiy bahs va ta’lif etishga bo‘lgan rag‘batni ko‘rgan “Ummul quro” universiteti rahbarlari ba’zi Islomiy qo‘lyozma kitoblarni tadqiq etish vazifasini yukladi. Butun dunyoda yakka bo‘lgan, ikkinchi nusxasi topilmaydigan o‘ta nodir qo‘lyozma, imom Abu Ja’far Nahhos qalamiga mansub “Ma’onil Qur’on” nomli tafsirni mukammal tarzda olti juzda tadqiq qildilar. U kitob Makkai mukarramadagi “Ummul quro” universiteti nomidan, mazkur universitet qoshidagi “Ilmiy bahs markazi” va “Islomiy merosni tiriltirish” nashriyotida chop etildi.
Mudarrislik vazifasidan keyin shayx janoblari Butun Islom olami robitasi tashkiloti qoshidagi “Qur’on va sunnatdagi ilmiy mo‘jizalar” hay’atida maslahatchi vazifasida ishladilar. Ta’lif va ilmiy bahsni boshlashdan oldin bir necha yil ana shu vazifada qoldilar.
Ilmiy asarlari: Shar’iy va arabiy ilmlarda bir qancha kitoblar ta’lif etganlar. Ular turk, ingliz, fransuz, malaviy, husaviy va bundan boshqa islom olamidagi tillarga tarjima qilingan. Ushbu kitoblarning ba’zisini universitetda dars berish mobaynida va yana ba’zisini darsdan bo‘shagan paytlarida ta’lif etdilar. Ta’lifdan tashqari yana boshqa faoliyatlari ham bordir.
Masalan: Makkai mukarramadagi masjidul haromda kunlik dars va mavsumiy fatvo. Shuningdek Jidda shahridagi masjidlarning birida haftada bir marta tafsirdan dars. Ushbu dars sakkiz yildan beri davom etib, taxminan Qur’onni uchdan ikki qismi tamomlandi. U darslar kassetalarga yozib borilmoqda.
Bundan tashqari shayx janoblari televizorda namoyish etilishi uchun Qur’onni mukammal holda tafsir qilganlar. U dars 600 seriyalik barnoma bo‘lib, ikki yil mobaynida, ya’ni 1419-hijriy, 1999-melodiy yili oxiriga yetdi.
Zamonamizning eng mashhur tafsirlaridan bo‘lgan “Sofvatu tafosir” va 50 dan ortiq kitoblar muallifi shayx Muhammad Ali ibn Jamil as-Sobuniy al-Halabiy 2021-yil 19-may oyida Istanbul yaqinidagi Yalovo shahrida Haq rahmatiga sazovor bo‘ldi. O‘zidan minglab shogirdlar va hofizi Qur’on farzandlar qoldirgan ulug‘ olimni Alloh rahmatiga olsin!
G’ayratov Shaxzodbek“Xoja Buxoriy” o’rta maxsus islom yurti4-kurs talabasi