بسم الله الرحمن الرحيم
Qur’oni karimni Rosulloh (s.a.v.)ga nozil qilib hatto bizlargacha yetkazgan va ahli qur’onlarni “mening ahillarim”deb fazilatli qilgan Alloh taologa be adad hamdu-sanolar bo’lsin, qur’onni qabul qilib, bizlarga meros qilib qoldirgan Rosuli akram (s.a.v.)ga durudlar va qur’nni bizlargacha yetishligi uchun jiddi jahd qilgan u zotning ahillar va sahobaiy-kiromlariga Allohning Rahmati va mag’firati bo’lsin.
Qurʼoni Karimning eng soʻnggi nozil boʻlgan oyati haqidagi rivoyatlar anchagina bor. Lekin ularning hech birida oxirgi oyat haqidagi soʻz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yetib bormaydi. Shuning uchun ulamolar ularning barchasini ijtihod bilan aytilgan gaplar, deyishadi.Qurʼoni Karimning eng soʻnggi nozil boʻlgan oyati haqi¬dagi qavl va rivoyatlardan baʼzilarini keltiramiz.
1. Imom Buxoriy Ibn Abbos roziyallohu anhudan, Bayhaqiy Umar roziyallohu anhudan keltirgan rivoyatda Qurʼoni Karimning eng soʻnggi nozil boʻlgan oyati Baqara surasidagi quyidagi oyat ekani aytiladi:
يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ ٱتَّقُواْ ٱللَّهَ وَذَرُواْ مَا بَقِيَ مِنَ ٱلرِّبَوٰٓاْ إِن كُنتُم مُّؤۡمِنِينَ٢٧٨
“Ey iymon keltirganlar! Agar moʻmin boʻlsangiz, Allohga taqvo qiling va riboning sarqitini ham tashlang” (278-oyat).
Ammo muhaqqiq ulamolar bu oyat Qurʼoni Karimning eng soʻnggi nozil boʻlgan oyati emasligini, balki ribo haqida no¬zil boʻlgan oyatlarning oxirgisi ekanini taʼkidlaydilar.
2. Saʼid ibn Musayyab va Ibn Shihob rahmatullohi alayhilardan keltirilgan rivoyatlarda: “Qurʼoni Karimning eng soʻnggi nozil boʻlgan oyati «dayn” oyatidir», deyilgan.
Bu oyat Baqara surasidagi oyat boʻlib, u Qurʼoni Karimdagi eng uzun oyat hamdir. Mazkur oyat Alloh taoloning quyidagi qavli ila boshlanadi:
يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوٓاْ إِذَا تَدَايَنتُم بِدَيۡنٍ إِلَىٰٓ أَجَلٖ مُّسَمّٗى فَٱكۡتُبُوهُۚ
“Ey iymon keltirganlar! Maʼlum muddatga qarz oldi-berdi qilgan vaqtingizda uni yozib qoʻying” (282-oyat).
Ammo ulamolarning koʻpchiligi bu qavlni ham qabul qilmaganlar.
3. Ibn Mardavayh Ummu Salama roziyallohu anhodan keltirgan rivoyatda aytilishicha, Qurʼoni karimning eng soʻnggi nozil boʻlgan oyati Oli Imron surasidagi quyidagi oyatdir:
فَٱسۡتَجَابَ لَهُمۡ رَبُّهُمۡ أَنِّي لَآ أُضِيعُ عَمَلَ عَٰمِلٖ مِّنكُم مِّن ذَكَرٍ أَوۡ أُنثَىٰۖ بَعۡضُكُم مِّنۢ بَعۡضٖۖ فَٱلَّذِينَ هَاجَرُواْ وَأُخۡرِجُواْ مِن دِيَٰرِهِمۡ وَأُوذُواْ فِي سَبِيلِي وَقَٰتَلُواْ وَقُتِلُواْ لَأُكَفِّرَنَّ عَنۡهُمۡ سَئَِّاتِهِمۡ وَلَأُدۡخِلَنَّهُمۡ جَنَّٰتٖ تَجۡرِي مِن تَحۡتِهَا ٱلۡأَنۡهَٰرُ ثَوَابٗا مِّنۡ عِندِ ٱللَّهِۚ وَٱللَّهُ عِندَهُۥ حُسۡنُ ٱلثَّوَابِ١٩٥
“Robblari ularga: «Men sizlardan erkagu ayol amal qiluvchining amalini zoye qilmasman. Baʼzingiz baʼzingizdansiz. Hijrat qilgan, diyorlaridan chiqarilgan, Mening yoʻlimda aziyat chekkan, jang qilgan va qatl etilganlarning yomonliklarini oʻchirgayman hamda ularni albatta ostlaridan anhorlar oqib turgan jannatlarga kiritgayman, Alloh xuzuridan savob oʻlaroq”, deya ijobat qildi. Va Alloh huzurida goʻzal savob boʻlgan Zotdir» (195-oyat).
Bu qavlning raddiyasi uning hujjati oʻlaroq keltirilgan rivoyatning oʻzidadir. Unda aytilishicha, ushbu oyat Ummu Salama roziyallohu anhoning Rasululloh sollal¬lohu alayhi vasallamga bergan “Ey Allohning Rasuli, Allohning erkaklarni zikr qilib, ayollarni zikr qilmaganini koʻrmoqdaman?” degan soʻroqlariga javob oʻlaroq nozil boʻlgan uch oyatning soʻnggisidir. Qurʼoni Karimning soʻnggi nozil boʻlgan oyati emas.
4. Imom Muslim Ibn Abbos roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda aytilishicha, oxirgi nozil boʻlgan sura Nasr surasidir.
Ammo ulamolar: “Bu oxirgi nozil boʻlgan suradir, oxirgi nozil boʻlgan oyat emas. Sura Rasululloh sollallohxu alayhi vasallamning vafotlariga ishora boʻlib tushgan oyatlarning oxirgisi, umumiy Qurʼoni Karim oyatlaridan oxirgi nozil boʻlgani emas”, deydilar.
5. Noilmiy doiralarda Qurʼoni Karimning barcha oyatlari ichida eng soʻnggi nozil boʻlgani Moida surasining uchinchi oyati boʻlsa kerak, degan gumon bor. Ular oyatning quyidagi qismidan shu xulosani chiqarganlar:
ٱلۡيَوۡمَ أَكۡمَلۡتُ لَكُمۡ دِينَكُمۡ وَأَتۡمَمۡتُ عَلَيۡكُمۡ نِعۡمَتِي وَرَضِيتُ لَكُمُ ٱلۡإِسۡلَٰمَ دِينٗاۚ
“Bu kun sizga diningizni mukammal qilib berdim. Sizga neʼmatimni batamom qildim. Va sizga Islomni din deb rozi boʻldim”.
Bu oyat Qurʼoni Karimning oxirgi tushgan oyatlaridan biri hisoblanadi. Oyati karima Nabiy sollallohu alayhi vasallamning vidolashuv hajlarida nozil boʻlgan. Ushbu oyati karima nozil boʻlganda, hamma sahobalar: “Dinimiz mukammal boʻldi, Alloh bizga neʼmatini batamom qilib berdi, Islomni din deb rozi boʻldi”, deb cheksiz quvondilar. Ammo xassos qalbli inson, buyuk idrok va aql sohibi Umar ibn Xattob roziyallohu anhu yigʻlay boshladilar. Bu holni koʻrgan sahobalar tashvishga tushdilar va: “Senga nima boʻldi, ey Umar, nechun yigʻlamoqdasan?” deb soʻradilar. Shunda hazrati Umar: “Har bir narsa mukammal boʻlganidan soʻng unga nuqson yetish boshlanadi. Men bu oyatni Nabiy sollallohu alayhi vasallamning vafotlarining yaqinlashganiga belgi deb bilmoqdaman”, dedilar.
Ushbu zikr qilingan omillarga binoan, Ulumi Qurʼon ilmidan bexabar boʻlgan kimsalar mazkur oyatni Qurʼoni Karimning oxirgi nozil boʻlgan oyatidir, deya tahmin qilishadi. Ammo bu gap toʻgʻri emas. Chunki ushbu oyat nozil boʻlganidan keyin yana boshqa oyat nozil boʻlganini ilmli kishilar yaxshi biladilar.
“Bu kun sizga diningizni mukammal qilib berdim” oyati nozil boʻlganidan keyin Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sakson bir kun yashaganliklari ham ishonchli manbalarda qayd etilgan.
6. Qurʼoni Karimning oxirgi nozil boʻlgan oyati Baqara surasidagi quyidagi oyatdir:
وَٱتَّقُواْ يَوۡمٗا تُرۡجَعُونَ فِيهِ إِلَى ٱللَّهِۖ ثُمَّ تُوَفَّىٰ كُلُّ نَفۡسٖ مَّا كَسَبَتۡ وَهُمۡ لَا يُظۡلَمُونَ٢٨١
“Oʻzingiz Allohga qaytariladigan Kundan qoʻrqing. Soʻngra har bir jon kasb qilgan narsasini toʻliq olur. Ularga zulm qilinmas” (281-oyat).
Qurʼon ilmlari bilan shugʻullangan ulamolar ushbu oyati karima Alloh, nozil qilgan oyatlar ichida eng oxirgi oyat ekanini bayon qilganlar. Ibn Jurayjning aytishlaricha, Nabiy alayhissalom ushbu oyati karima nozil boʻlgani¬dan soʻng toʻqqiz kun yashaganlar, xolos.
7. Eng oxiri nozil bo`lgan oyat haqida Ibn Ishoq Barro (r.a.)dan rivoyat qilib shunday deydi: «Qur’oni Karimning eng oxirgi nozil bo`lgan oyati karimasi «Niso» surasining 176-oyatidir:
يَسْتَفْتُونَكَ قُلِ اللَّهُ يُفْتِيكُمْ فِي الْكَلالَةِ إِنِ امْرُؤٌ هَلَكَ لَيْسَ لَهُ وَلَد
8. Abu Bakr ibn Iyosh shunday deydi: «Ibn Ishoq xato gapni aytgan. Chunki, Muhammad ibn As Soibning rivoyat etishicha, Ibn Abbos (r.a.): «Qur’oni Karimning eng oxirgi nozil bo`lgan oyati:
وَاتَّقُوا يَوْمًا تُرْجَعُونَ فِيهِ إِلَى اللَّهِ ثُمَّ تُوَفَّى آُلُّ نَفْسٍ مَا آَسَبَتْ وَهُمْ لا يُظْلَمُونَ (٢٨١)
Xulosa o’rnida shuni aytishimiz mumkinki, “Baqara” surasining 281-oyati karimasi nozil bo’lgach Rosululloh (s.a.v.) to’qqiz kun o’tib so’ng vafot topdilar bu orada boshqa oyat nozil bo’lmadi shuning uchun Qur’oni karimning eng so’nggi nozil bo’lgan oyati ushbu oayat ekani haqidagi rivoyat “Asoh rivoyat” deb aytishimiz mumkin boladi va Allohu a’lam.
Ahmedov Abdulhodiy “Xoja Buxoriy” o’rta maxsus islom bilim yurti4-kurs talabasi