Inson bu dunyoga kelgach, hayotida turli holatlar uchraydi. Yaxshi, xursandchilik vaqtlari, yoki mahzunlik, xafagarchilik damlari umri davomida ko’p kuzatiladi. Shodlik onlari kelib qolganda kishi unga havolanib, ko’ngilni noxush qiladigan biror musibat yuzaga kelganda esa g’amga botib, o’zini yo’qotib qo’yish holatlarini har birimiz o’zimizda yoki yaqinlarimizda kuzatib turibmiz. Ammo haqiqiy mo’min har ikki holatda ham Robbisini unatmaydi. Alloh taoloning bergan nematlariga shukur, musibatlariga esa sabr qilib, qo’lini duoga ochib Parvardigordan faqatgina yaxshilik so’raydi.
Alloh taolodan har qanday holda duo qilib so’rash mumkin, biroq Robbisiga yaqin boʻlib turganda esa soʻragan narsasi qabul boʻlishi ham eng yaqin hol boʻladi. Shuning uchun ham banda sajdada turgan holida duoni koʻproq qilishi yaxshiroq bo’ladi. Zero Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Bandaning Robbisiga eng yaqin boʻlishi, u sajda qilganidadir. Bas, duoni koʻpaytiringlar», dedilar».
Namoz Allohning huzurida moʻmin insonning oʻzini eng xor va eng past tutgan holidir.
Sajda esa namozning eng bandalik ravshan zohir boʻlgan, xorlik va zorlik zohir boʻlgan joyidir. Bandaning Robbisiga zorligi qanchalar oshsa, Allohning unga yaqinligi shunchalik oshadi.
Shuning uchun ham banda sajdada turganida Robbisiga eng yaqin holda boʻladi. Robbisiga yaqin boʻlib turganda esa soʻragan narsasi qabul boʻlishi ham eng yaqin hol boʻladi. Shuning uchun ham banda sajdada turgan holida duoni koʻproq qilishi kerak.
Imom Muslim va Ahmadlar rivoyat qilgan hadisda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Ogoh boʻlingkim, men rukuʼda va sajdada turgan holimda Qurʼon qiroat qilishdan nahiy qilindim. Ammo rukuʼda Allohni ulugʻlanglar, sajdada esa duo qilishga ijtihod qilinglar, sizga ijobat boʻlishi loyiqdir», deganlar.
Yana oʻsha kishidan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam sajdalarida «Allohummagʻfir li’ zanbi’ kullahu, diqqahu va jillahu va avvalahu va oxirohu va ala’niyatahu va sirrohu», der edilar». Muslim va Abu Dovud rivoyat qilishgan.
Sharh: Duoning maʼnosi:
«Ey, bor Xudoyo, gunohimni magʻfirat qilgin, daqiqini ham, kattasini ham, avvalini ham, oxirini ham, oshkorasini ham sirrini ham».
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Bir kecha Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni koʻrpada yoʻqotib qoʻydim. Izlasam, qoʻlim oyoqlarining ostiga tegdi, U zot sajdagohda ekanlar, ikki oyoqlari tik turgan ekan. Oʻzlari boʻlsa «Allohumma aʼu’zu birizo’ka min saxotika va bimuʼo’fa’tika min uqubatika, aʼuzu bika minka, la’ uhsi’ sana’an alayka. Anta kama’ asnayta ala’ nafsik», der edilar». Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan.
Sharh: Duoning maʼnosi: «Ey, bor Xudoyo, Sening roziliging ila gʻazabingdan, ofiyating ila uqubatingdan panoh tilayman. Sendan Oʻzingdan panoh tilayman. Sening sanoingni hisoblay olmayman. Sen Oʻzingga sano aytganingdeksan».
Bu ummatlarga taʼlimdir.
Farz namoz ichidagi sajdada «Subhana Robbiyal Aʼlo»ni aytiladi. Bu ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ko’rsatmalaridir. Lekin inson oʻzi yolgʻiz namoz oʻqiganda, nafl va tungi tahajjud namozlari sajdasida hamda namozdan tashqari istagan joyida xohlaganicha duo qilishi mumkin. Namoz ichida ushbu hadislarda kelgan duolarni yodlab olinsa, yana ham yaxshi boʻladi va faqatgina Allohdan so’raladigan duolar qilish lozim bo’ladi.
Ammo namozdan tashqarida esa xohlagancha har qanday duoni Alloh va bandasidan ham so’raladigan duolarni, qaysi holatda bo’lishidan qat’iy nazar taxoratlimi yo betaxoratmi, har qaysi vaqtda ertami-kechmi, har qanday joyda duo qilish mumkin. Lekin taxoratli holda yaxshi, pok kiyimlar ila qiblaga yuzlanib tunda joynamoz ustida boshingizni sajdaga qo’ygan holda Allohga tazarru va tavoze bilan zorlanib, ijobat bo’lishiga aniq ishongan holda qilgan duoyingiz eng afzal va mustajob duodir.
Keling, boshizga biror kor-hol yetsa, biror musibat kelsa yuqorida zikr qilingandek chin yurakdan duo qilib ko’ring. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning aytgan so’zlari nechog’lik rost ekanligini o’z hayotingizda tajriba qilib ko’rgan bo’lasiz. Alloh taola barchamizni faqatgina O‘ziga sajda qilib duo qiladiganlardan qilsin. Amin Robbul alamin.
Qurbonov Xayrulla Yunusovich
“Xoja Buxoriy” o’rta maxsus islom bilim yurti
Hadis fani o’qituvchisi