Imon masalasi muhim masala bo’lib, unda barcha bir xildir. Bir mo’minning imoni boshqa mo’minning imonidan nima jihatdan ziyoda bo’lishi, imon ziyoda bo’ladimi yoki ziyodalik boshqa narsadami, shular masalasida bahs qilishni qaror qildik. Bu bahsni Imom Abu Hanifa rohimahullohning “fiqhul-akbar” asarining Abulmuntaho Mag’nisaviyga tegishli sharh asosida olib boramiz.
“Mo’minlar imonda tengdirlar”. Yuqorida aytilgandek, imon keltirish lozim bo’lgan narsaga imon keltirishda barobardirlar. “Tavhid” ya’ni (Allohni) ilohligida, robligida, xoliq ekanligida, azaliy va qadimligida, barcha narslarni O’zi qoim qiluvchi qoyyumligi va behojatligida Unga sherikni nafiy qilish, yo’q deb bilishdir. Kimiki, shulardan ba’zisida sherikni nafiy qilib, ba’zisida sherikni isbot qilsa, bas, u kishi mushrik bo’lib, muvahhid (Allohni yakka deb biluvchi) emas. Shu jihatdan tavhid ziyoda ham noqis ham bo’lmaydi. (Ya’ni, nimani Allohga isbot qilish kerak bo’lsa, uni isbot qilish, nimani nafiy qilish kerak bo’lsa, uni nafiy qilishda barobardir).
Ammo taqlid qilish va dalil izlash tarafidan esa ziyoda va nuqsonli bo’ladi. Aqliy dalillar bilan dalil izlovchining tavhidi bilan mukoshafat va mushohadalarga hamda ilohiy ma’rifat va diniy ilmlarga chuqur yetib borgan orifning tavhidi bir emas. Shuningdek, shu jihatdan ularning imoni ham barobar emas. Abu Hanifa (r.a) aytgandek “bir-biridan afzal”, yani tafavutli, nimada tafavutli desa unga “amallarda”, deb aytdilar. Yani zohiriy va botiniy toatlarda bir-biridan farq qiladi.
Bu kalom solih amal imondan bir bo’lak emasligiga dalolat qiladi. Chunki, amal ziyoda va noqis bo’ladi. Ba’zi insonlar besh vaqt namozni to’liq ado qilsa, ba’zisi unday qilmaydi. Zero, o’sha to’liq qilmaganning ham namozi namoz, to’liq ado qilganning ham namozi namoz, botil namoz emas. Kim agar ramazon ro’zasini to’liq tutsa, uning ro’zasi to’g’ri ro’za, islomi ham, imoni ham va dini ham sahihdir. Agar kimki yarmini tutsa, u ham to’g’ri ro’za, botil emas. (Yani, sen yarmini tutding, seni ro’zang ro’za emas, yoki sen ikki vaqt namoz o’qiding, seni namozing namozing namoz emas, deyilmaydi). Bunga boshqa farz va nafl amallarni qiyoslab ko’ring, barchasi shu mezonda bo’ladi. Imon unday emas. Chunki, (yuqorida aytilganidek) imon keltirish lozim bo’lgan narsaning ayrimiga imon keltirgan kishining imoni sahih imon emas, botildir. Bu huddi ro’zani tutib, kunning yarmiga borib ochib yuborgan kishining ro’zasiga o’xshaydi. (Bu ro’za ham botildir).
Xullas bir kishining imoni ziyoda bo’lmaydi, ziyodalik deganda imon keltirilgan narsalarni ham ziyoda va kamayishi tushunilib qolinadi. Bu esa aqlan va naqlan ham durust bo’lmaydi. To’g’ri qarashga ega bo’lish uchun sof aqida asosida yozilgan asarlarni ko’proq mutolaa qilsih zarur. (Davomi islom va imonning farqi bormi, kabi masalada bo’ladi).
Xoja Buxoriy o’rta maxsus islom bilim yurti
O’qituvchisi S. Muhibullayev.