أعوذ بالله من الشيطان الرجيم
بسم الله الرحمن الرحيم
,, Oyati mudoyana " - qarz oldi-berdisi oyati nomini olgan ushbu oyati karima Qur'oni Karimdagi eng uzun oyatdir. Ushbu oyati karima Qur'oni Karim, Islom dini inson hayotining barcha tomonlarini qamrab olganiga yorqin misoldir. Bu oyati karimani o‘rgangan odam boshqa barcha tuzum va jamiyatlar o‘zlarining asosiy hujjatlarida inson turmushida tez-tez uchrab turadigan qarz masalasiga Qur'oni Karim qanchalik ahamiyat berganini anglab yetadi.
Baqara surasining avvalgi oyatlarda hayr-ehson qilishning fazilatlari, keyin esa foiz olishning gunohligi zikr qilingan edi. Ushbu oyati karimada esa qarz olish, qarz berishning hukmalri bayon etilmoqda. Bu sharafli oyat Qur'oni Karim oyatlarining eng uzundir, ,,oyatul mudoyana” deyiladi. Alloh taolo u orqali musulmonlarga o‘zaro bir muhlatgacha qarz muomalasini va’da bilan qilishga ijozat beradi, lekin bu muhlat ichida ikki taraf o‘rtasida janjal chiqmasligi uchun alohida mukammal qoidani bayon etdi. Bunga ko‘ra , qarz oldi-berdisi chog‘ida alohida bir kotib har ikki tomon nomini ko'rsatib , qarzni qaytarish muddatini ko‘rsatib ravshan yozib qo‘ysin, buni adolat-insof bilan yozsin, yozishdan uyalmasin. Qarz oluvchi yosh bola, yo esi past, yo qari-kuchsiz bo‘lsa, uning homiysi, merosxo‘ri adolat bilan yozdirsin. Bunda boshqaning haqqiga tajovuz yo jabr qilinmasin, kam yo oshiq qilib yozdirilmasin. Mufassir olimalr oyatdagi: ,, Ikkovidan biri unutsa , boshqasi esiga soladi” mazmunidagi jumla ayollarning voqea-hodisalarni esda saqlab qolish qobiliyati erkaklarnikiga nisbatan zaif ekaniga dalil” deyishadi. Yaratuvchi zot O‘zi yaratganlarining imkoniyatlarini yaxshi biladi.
,,Ey iymon keltirganlar ! Ma’lum muddatga qarz oldi-berdi qilgan vaqtingizda, uni yozib qo‘ying” .
Alloh taolo bu oyati karimani ham musulmon bandalriga mahbub ,,Ey iymon keltirganlar” nidosi bilan boshlaganidan unda keladigan amrlar, masalalar alohida e’tiborga sazovor ekanligini bilib olamiz. Shu bilan birga, ushbu oyati karimaning aytganiga amal qilib, qarz oldi-berdi qilganimizda yozib-hujjatlashtirib qo‘yishimiz zarurligini anglab yetamiz. Oayti karimaning davomida mazkur yozib qo‘yish qaysi xilda bo‘lishi aytiladi: ,,Orangizda bir yozuvchi adolat bilan yozsin”. Demak, qarz oldi-berdisi haqidagi hujjatni qarz oluvchi ham, qarz beruvchi ham yozmaydi, balki uchinchi - xolis bir shaxs adolat bilan yozadi. Ushbu qarz ishiga o‘xshash ishlar odatda tashvish keltirishi ma’lum. Shuning uchun ko‘pchilik bundoq bosh og‘rig‘i bo‘ladigan ishga yozuvchi sifatida ishtirok etishni istamaydi. Ana ahu holni e’tiborga olib oyati karimaning davomida: ,,Hech bir yozuvchi Alloh bildirgandek qilib yozishdan bosh tortmasin” deyiladi. Chunki bu ish - savobli ish. Bu ish - Alloh taoloning amriga binoan bo‘layotgan ish. Musulmonlar jamoatga kerak ishlarda hojatmandlarning hojatini chiqarishga doimo targ’ib qilinadilar.
,,Bas, yozsin va haq zimmasiga tushgan kishi qaytib tursin, Robbiga taqvo qilsin va undan hech narsani kamaytirmasin”. Oyati karima ,,haq zimmasiga tushgan kishi” deganda qarz oluvchini nazarda tutgan. Demak, o‘rtadagi kishi qarz oldi-berdini yozayotgan vaqtda matnni qarz oluvchi aytib turadi. Avvalo qarz olayotganini e’tirof qiladi. Qarzning miqdorini, shartini va muddatini aytadi. Bu narsalarni qarz beruvchi aytib tursa, o‘z foydasiga burib yubirmasin, degan ehtiyot chorasi tufayli shunday qilinadi. Qarz oluvchi muhtoj bo‘lib turgani uchun bunday qilmasligi aniqroq. Chunki u muomalaning tezroq amalga oshishiga muhtoj. Shunday bo‘lsa ham, oyati karima yana bir bor uni Robbiga taqvo qilishga va hech narsani kamaytirmaslikka da’vat qilmoqda .
,, Agar haq zimmasiga tushgan kishi esipast, zaif yoki aytib tura olmaydigan bo‘las uning valiysi adolat bilan aytib tursin”. Ya’ni qarz olayotgan odam esipast, moliyaviy ishlar tadbirini bilmaydigan bo‘lsa, zaifligi (yoshi kichikdir yoki o‘ta keksadir, kasaldir ) tufayli yoki tilidagi aybi, bilmasligi va boshqa mavjud ayblar tufayli aytib tura olmasa, uning valiysi adolat bilan aytib tursin. Chunki valiylar boshqa ishlarda ham o‘z qaramog‘idagilarning mas’uliyatini oladilar.
,,Erkaklaringizdan ikki kishini guvoh qiling”. Moliyaviy oldi-berdi katta ahamiyatga egadir, chunki bunda oraga molu pul aralashadi. Bunday holda birov boshqaning haqini yeb ketishining yo‘lini har jihatdan to‘sish lozim. Bunda adolatli kotibga yozdirib qo‘yish bilan kifoyalanmay, yana musulmonlardan ikki erkak kishini guvoh qilishga ham amr bo‘lmoqda. Islomda guvohlikka doimo adolatli kishilar o‘tishi zarur, vu narsa boshqa joylarda ko‘p ta’kidlangani uchun bu yerda qayta aytilmadi. Ammo baribir, bu shart bekor bo‘lmaydi. Chinki shariat o‘lchovida adolatsiz bo‘lgan kishining guvohligi qabul qilinmaydi. Guvohlarning erkak kishi bo‘lishini ta’kidlashdning ham hikmati bor. Haqiqiy islomiy jamiyatda yuqoridagi kabi sertashvish, xarxashali va mas’uliyatli ishlar odatda erkaklar zimmasiga yuklanadi. Islomda ayol kishi mol-dunyo tashvishini chekishdan umuman ozod etilgan. Qarz oldi-berdisi, yozib qo‘yish va hokazo ishlar bilan muslima ayollar bezovta qilinmaydi. Ammo farazan, guvohlikka ikki er kishi topilmay qolsa, unda nima bo‘ladi ?
,,Agar ikki er kishi bo‘lmasa, o‘zingiz rozi bo‘ladigan guvohlardan bir er kishi va ikki ayol kishi bo‘lsin”. Bu yerda guvohlarning adolatli bo‘lishalri ustiga, yana bir muhim shart qo‘yilmoqda. Ular ,,o‘zingiz rozi bo‘ladigan guvohlardan” bo‘lsin. Keyin biror gap chiqib qolgudek bo‘lsa, guvohlarga ishonchim yo‘q edi, guvohlar qarshi tomonning odami ekan, kabi gaplarga o‘rin qo‘ymaslik uchun shunday qilish zarur. ,,Ikki er kishi bo‘lmasa, bir er kishi va ikki ayol kishi bo‘lsin”, deyilgani Islom dushmanlariga juda qo‘l kelib, dinimizga ta’na toshlarini otishlariga sabab bo‘lgan. Dushmanlar Islom ayol kishini to‘liq odam o‘rnida ko‘rmaydi, shuning uchun guvohlikka o‘tishda ikki ayolni bir erkak bilan tenglashtirgan, deb da’vo qilishadi. Guvohlik haqida so‘z ketayotganda mavzu qarz oldi-berdisi ekanligi, muslima ayollar odatda bunday ishlarda ishtirok etmasliklari, shuning uchun ham ehtiyot chorasi tarzida shundoq qilinganligini hech aytgilari kelmadi. Balki yashirdilar va umumlashtirib, bu hukm hamma narsaga oiddir, deb aytadilar. Holbuki, oyati karimaning o‘zi bunday taqsimotning sababini ochiq-oydin aytib qo‘ygan: ,,Ikkovi (ayol) dan birortalri adashsa, birlari boshqalarining esiga soladi”. Odatda ayol kishining ko‘ngli bosh, ta’sirchan, mehri daryo bo‘ladi. Onalik uchun zarur bo‘lgan bu sifatlar talashib-tortishib va urush-janjalda teskari natija berib qolishi mumkin. Agar ikki kishi bo‘lsalar, bir-birlariga eslatib, guvohlikni adolat bilan ado etadilar. Aynan man shu e’tibordan qarz oldi-berdisida ikki ayol guvoh b‘lishi shart qilingan. Shariatda shunday ishlar borki, unda mingta erkakning guvohligi o‘tmasa ham bitta ayolning guvohligi o‘tadi. Misol uchun, idda, tug’ish, emizish kabi masalalar. Bularda faqat ayollarning guvohligi o‘tadi. Shu hukmni ushlab olib, Islom erkaklarni odam o‘rnida ko‘rmaydi, chunki falon-falon ishlarda ularning guvohliklari qabul emas, deyilsa, insofdanmi? Demak, Islom dushmanlarining yuqoridagidek da’volari mutlaqo o‘rinsizdir.
,,Va chaqirilgan vaqtda guvohlar bosh tortmasin”. Bu - Allohning amri. Bunga amal qilmagan inson gunohkor bo‘ladi. Haqiqatni, adolatni himoya qilish uchun guvohlikka o‘tish ulkan savob hisoblanadi. Imom Muslim rivoyat qilgan sahih hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalotu vassalom: ,,Sizlarga eng yaxshi guvoh kimligini aytib beraymi? Guvohligi so‘ralmasdan turib guvohlik beradiganlardir” deganlar.
,,Kichik bo‘lsa ham, katta bo‘lsa ham, muddatigacha yozishingizni malol olmang”. Ya’ni qarz kichik miqdorda bo‘lsa ham, katta miqdorda bo‘lsa ham, vaqtini aniq qilib, qachongacha olinganini aytib-yozib qo‘yishni malol olmang. Keyin yozib qo‘yarman, eslab qoldim, shuni ham yozib o‘tiradimi, kabi bahonalar behuda ekanligi ushbu jumladan ochiq-oydin ko‘rinib turibdi. Bu ta’kiddan ko‘rinadiki, nima bo‘lsa ham yozib qo‘yish lozim ekan. Chunki bu ishning foydasi juda ham katta, uning hikmatlarini keyingi jumla bayon qilmoqda: ,,Shunday qilmog‘ingiz Allohning huzurida adolatliroq, guvohlikka kuchliroq va shubhalanmasligingiz uchun yaqinroqdir”. Demak, qarz oldi-berdisini yozib qo‘yish Allohning huzurida adolatliroq, afzalroq ekan. Guvohlik sifatida ham og‘zakisidan ko‘ra kuchliroq ekan. Va nihoyat, shunday qilinganida, shubhaga o‘rin qolmas ekan. Bulardan ma’lum bo‘ladiki, qarzni yozib qo‘yish to‘g‘ri ish, nozik va daqiq ish, ishonchli ish va xotirjamlikni paydo qiluvchi ishdir. Qarz ma’lum muddatga olinadigan bo‘lsa, hukmi shunday. Ammo yurib turgan savdo ishlari bo‘lsa, yozish shart emas. Chunki hamma narsa aniq: Mol oldida turibdi savdo tez-tez takor bo‘lib turadigan narsa, har birini yozish zarur bo‘lsa, qiyinlashib ketadi: ,,Magar oralaringizda yurib turgan naqd savdo bo‘lsa, yozmasangiz ham, sizga gunoh bo‘lmas”. Yozib borsa, o‘zining ishi, lekin yozmasa, gunoh emas. Bundan chiqadiki, avval zikr qilingan narsalarni yozmasa, gunoh bo‘ladi.
,,Oldi-sotdi qilganingizda, guvoh keltiring va yozuvchi ham guvoh ham zarar tortmasin”. Savdo ishlariga guvoh keltirish haqidagi hukmni ulamolar ,,mandub”, deganlar. Sotuvchi bilan xaridor o‘rtasida ba’zi kelishmovchiliklar paydo bo‘lib qolsa, guvohlar haqni o‘rnatishda o‘z guvohliklari bilan yordam berardilar. Oyatning avvalidan hozirgacha yozuvchi va guvohlarga vazifa yuklanib keldi. Ularga ushbu xizmatdan qochmaslik qayta-qayta tayinlandi. Mazkur jumlada esa yozuvchi va guvohlarning haqlari himoya qilinayapti. Ular yozuvchilik va guvohlik qilayotganlarida zarar tortmasliklari zarur. Odatda yozuvchi va guvohlar savob umidida vaqt sarflab, mehnat qiladilar. Lekin ko‘pincha balo va tuhmatlarga ham qoladilar. Shuning uchun ularning xotirini jam qiladigan, bu savobli ishga qiziqtiradigan va’da shu yerda kelmoqda: ,,Agar ( aksini ) qilsangiz, albatta, bu fosiqkligingizdir”. Ya’ni agar yozuvchi va guvohga zarar keltirsangiz, fosiqlik qilgan bo‘lasiz, Allohning amridan chiqqan bo‘lasiz. Oyatning so‘ngida yana Qur’oni Karimning odati bo‘yicha, kishining vijdoniga, qalbiga, asosiy ta’sir joyiga xitob qilingan: ,,Allohga taqvo qiling. Va Alloh sizga ilm beradi. Alloh har bir narsani biluvchi Zotdir”. Huddi boshqa ishlardagi kabi bu ishlarda ham taqvo muhim omil hisoblanadi. Taqvo bo‘lsa, Alloh ilm ham beradi. U fazli ulug‘ Zotdir. Alloh har bir narsani biluvchi Zot, O‘zi bilib ish tutadi.
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi oliy toifali Fiqh fani o‘qituvchisi: Maxsumov Maqsud